Rasman! Turkmanistonda ham koronavirus aniqlandi

Rasman! Turkmanistonda ham koronavirus aniqlandi

Turkmaniston poytaxti Ashxobodda 6 kishida koronavirus aniqlandi, ulardan 3 nafarining ahvoli o‘rtacha og‘irlikda. Bu haqda “Xroniki Turkmenistana” nashri xabar berdi

Vaholanki, Turkmaniston tashqi ishlar vazirligi tashkillashtiradigan brifing va seminarlarda mamlakatda koronavirus yo‘qligi ma’lum qilinib kelinmoqda. 

Ta’kidlanishicha, kasallanganlarning barchasi tibbiy xodimlar bo‘lib, ular S.A.Niyozov nomidagi davolash-maslahat markazida ishlashadi. 

“Markazda yuqumli kasalliklar bo‘limi yo‘q, shu sababli bemorlarning bir qismi Cho‘naglidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasiga o‘tkazilgan, qolgan qismi Axal viloyatida oldindan tayyorlab qo‘yilgan izolyatorlardan birida saqlanmoqda”, deb ma’lum qilgan nashr.  

Markaz Turkmanistondagi eng yirik tibbiy muassasalardan biri hisoblanib, unda yil davomida o‘n minglab odamlar tashxislash va davolanishdan o‘tadi.

23 iyunda AQShning Turkmanistondagi elchixonasi saytida amerikalik fuqarolar uchun ogohlantirish paydo bo‘lgan. “Turkmanistonda koronavirusga chalinish holatlari bo‘yicha rasmiy xabarlar yo‘q bo‘lsa-da, AQSh elchixonasi koronavirus alomatlariga ega mahalliy fuqarolar koronavirusga testlashdan o‘tkazilayotgani va yuqumli kasalliklar shifoxonalarida 14 kunga karantinga joylanayotgani haqida xabarlar olgan”, deyilgan ogohlantirishda. 

Ta’kidlanishicha, AQSh elchixonasi o‘z xodimlarining virusga chalinmasligi uchun ijtimoiy masofalashuv choralarini qat’iylashtirgan va elchixonada niqoblar taqishni majburiy qilgan hamda ishni imkoni boricha masofaviy rejimga o‘tkazgan.

Bunga javoban Turkmaniston tashqi ishlar vazirligi AQSh elchixonasining harakatlaridan norozilik bildirgan.     

“Turkmaniston ichki ishlar vazirligi bu turdagi yolg‘on ma’lumotlarning xato va noxolis ekanini ta’kidlab o‘tadi. Shu munosabat bilan vazirlikning rasmiy vakillari AQSh elchixonasini dalillar bilan tasdiqlanmagan ma’lumotni tarqatishga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligidan bir necha marta ogohlantirgan”, deyilgan vazirlik xabarida.   

Bu orada Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining mutaxassislari koronavirus bilan bog‘liq vaziyatni o‘rganish uchun Turkmanistonga 2 oydan beri kirishga urinishmoqda. 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!