Turkiyada to‘rt oy komada yotgan o‘zbekistonlik ayol olib kelindi

Turkiyada to‘rt oy komada yotgan o‘zbekistonlik ayol olib kelindi

Turkiyada to‘rt oyga yaqin vaqt davomida komada yotgan o‘ttiz yoshli O‘zbekiston fuqarosi Nozima Mirzayeva kecha onasi hamrohligida «Uzbekistan Airways» reysi bilan O‘zbekistonga olib kelindi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

2020 yil 15 avgust kuni Turkiyada sodir bo‘lgan avtohalokatda jabrlanganlar orasida yurtdoshimiz ham bo‘lgan. Avtohalokat natijasida u og‘ir tan jarohati bilan Pendik Marmara tibbiyot tadqiqot markaziga yotqizilgan. Olib borilgan tibbiy muolajalar va operasiyalarga qaramay, Nozima Mirzayeva komaga tushib, noyabr oyida o‘ziga kelgan. Shundan so‘ng bemor Istanbulning Maltepe tumanidagi «Sureypasha» davlat shifoxonasiga ko‘chirilgan. Ammo bemor to‘liq tuzalmagani uchun uni o‘rnidan qo‘zg‘atish imkonsiz bo‘lgan.

N.Mirzayeva ahvoli yaxshilangach, O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi, mamlakatimiz Tashqi ishlar va Transport vazirliklari hamkorligida yurtdoshimizni uning yonida bo‘lib turgan onasi bilan birgalikda Vatanga qaytarish ishlari tashkil qilindi. Jumladan, COVID-19 uchun testdan o‘tish va samolyot chiptalari bepul taqdim etildi.

Nozima Mirzayevaning onasi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev va O‘zbekiston hukumatiga ko‘rsatilgan ko‘mak uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. U davlatimizning mazkur yordami O‘zbekiston xorijda o‘z fuqarolarining huquq va manfaatlari himoyasini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning yorqin tasdig‘i ekanini ta’kidladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!