Toshkentda ikki bor sudlangan jinoyatchi ayolga hukm o‘qildi

Jinoyatchi muqaddam bir emas, ikki (!) marta sudlangan. Ammo, u jinoyatchilik ko‘chasida sang‘ishni xush ko‘radi chog‘i.
Bu gal jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudining ochiq sayyor sud majlisi O‘zbekiston Respublikasi IIV 1-sonli tergov hibsxonasi binosida, sudya S. Abduganiyevning raisligida bo‘lib o‘tdi.
Xo‘sh, voqea tafsiloti qanday bo‘lan? Sudlangan L. A. o‘zganing mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilish maqsadida, Toshkent shahridagi restoranlarning birida bo‘la turib, shu yerda bo‘lgan tanishi K.S.ni chalg‘itib, uning sumkasidan narxi 150 AQSh dollar bo‘lgan ayollar hamyonini, hamyonning ichida bo‘lgan narxi 3.000.000 so‘mlik bir juft ayollar tilla ziragini, narxi 200.000 so‘mlik bir juft ayollar kumush ziragini, 1.000.000 so‘m naqd pulni, bir dona “Buyuk ipak yo‘li banki”ga tegishli, bir dona “Xalq banki”ga tegishli, bir dona “Ipoteka banki”ga tegishli plastik kartalarni yashirin ravishda egallab, voqea joyidan yashiringan.
Sud sudlanuvchi va jabrlanuvchining ko‘rsatmalarini tinglab, jinoyat ishi hujjatlarini o‘rganib chiqib va ishda bo‘lgan dalillarga baho berib, sudlanuvchi A.L.ga nisbatan jazo tayinlashda uning shaxsini, sodir etilgan jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasini inobatga olib, uning aybiga iqrorligini, chin ko‘ngildan pushaymonligini, ayolligini O‘zbekiston Respublikasi JKning 55-moddasiga muvofiq jazoni yengillashtiruvchi holatlar deb baholab, ilgari ham qasddan jinoyat sodir etib, qasddan yangi jinoyat sodir etganligini O‘zbekiston Respublikasi JKning 56-moddasiga muvofiq jazoni og‘irlashtiruvchi holatlar deb baholab, unga qonun sanksiyasida nazarda tutilgan ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.