Toshkent elektr sohasida 17 rahbar lavozimiga noloyiq deb topildi
Toshkent shahar hududiy elektr tarmoqlari korxonalarida 16 nafar rahbar lavozimiga loyiq, 22 nafari qayta attestasiya sharti bilan loyiq, 17 nafari esa lavozimiga noloyiq deb topildi.
Energetika vazirligi hamda mutasaddi idora va tashkilotlar ishtirokida «Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati tarkibiga kiruvchi «Toshkent shahar elektr tarmoqlari» MCHJ hamda «Energosavdo» filialining Toshkent shahri hamda uning tuman bo‘linmalari rahbar xodimlari attestasiyadan o‘tkazildi.
Mazkur attestasiya rahbar kadrlarning kasbiy malakasi va amaliy ko‘nikmalarini baholash, shuningdek, ularning egallab turgan lavozimiga muvofiqligini aniqlash maqsadida tashkil etildi.
Attestasiya jarayonlari, ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida o‘tkazilib, 55 nafar rahbar xodimning kasbiy bilimi, shaxsiy va kasbiy kompetensiyasi, boshqaruv qobiliyati, strategik fikrlashi, umumiy dunyoqarashi hamda qonunchilik va sohaga oid me’yoriy hujjatlarni bilish darajasi atroflicha baholandi.
Ma’lumot uchun: 2025 yilda Energetika vazirligi va Yoqilg‘i-energetika sohasi kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi hamkorligida Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonalarining rahbar, o‘rinbosar hamda bosh muhandislari uchun malaka oshirish o‘quv-kurslari tashkil etilgan.
Natijaga ko‘ra, 16 nafar rahbar xodim (29 foiz) lavozimiga loyiq deb topildi, 22 nafari (40 foiz) 6 oydan so‘ng qayta attestatsiyadan o‘tish sharti bilan lavozimiga loyiq deb hisoblandi. Shuningdek, 17 nafar rahbar xodim (31 foiz) egallab turgan lavozimiga nolyoyiq deb topilib, ularning o‘rniga yuqori salohiyatga, yetarli bilim va zamonaviy boshqaruv qobiliyatiga ega bo‘lgan eng munosib kadrlarni tanlab olish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilandi.
Attestasiya komissiyasi takliflariga asosan, rahbar xodimlar malakasini oshirish uchun asosiy yo‘nalishlar qayta ko‘rib chiqildi. Jumladan, soha uchun kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish, istiqbolli kadrlar zaxirasini shakllantirish, shuningdek, har bir rahbar nomzod uchun alohida shaxsiy rivojlanish rejalarini ishlab chiqish asosiy vazifalar sifatida belgilandi.
Mazkur chora-tadbirlar elektr ta’minoti sohasida samarali boshqaruvni ta’minlash, xizmat sifati va ishonchliligini oshirishga xizmat qiladi.
