Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston prezidenti bilan nimalarni gaplashdi?

Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston prezidenti bilan nimalarni gaplashdi?

Bugun, 6 may kuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.

Suhbat chog‘ida strategik sheriklik tamoyillariga asoslangan ko‘p qirrali O‘zbekiston-Turkmaniston munosabatlarining joriy holati va ularni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

Prezidentlar o‘zbek va turkman xalqlarining taqdirida umumiy jihatlar juda ko‘pligi, ularni qadimiy tarix, an’ana va urf-odatlar bog‘lab turganini alohida qayd etdilar. Xalqlarimiz o‘rtasidagi azaliy do‘stlik va birodarlik rishtalari, yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari bugungi kunda o‘z rivojining yangi, tarixiy bosqichiga ko‘tarildi.

Davlat rahbarlari savdo, energetika, transport va tranzit, sanoat va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi amaliy hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani va samarali idoralararo aloqalar yo‘lga qo‘yilganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Hamkorlikka oid ustuvor loyihalarni, shu jumladan ikki tomonlama Hukumatlararo komissiya faoliyati doirasida ilgari surish maqsadida birgalikdagi sa’y-harakatlarni faol davom ettirishga kelishib olindi.

Muloqotda, shuningdek, mamlakatimizda Sardoba suv omboridagi favqulodda vaziyat oqibatlarini bartaraf etish bilan bog‘liq masalalarga to‘xtalib o‘tildi.

Koronavirus infeksiyasining tarqalishi bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat xususida ham fikr almashildi.

Ushbu xavfli kasallikning oldini olish, shuningdek, bugungi murakkab davrda milliy iqtisodiyot va aholini qo‘llab-quvvatlash borasida birodar mamlakatlarimizda ko‘rilayotgan choralar to‘liq qo‘llab-quvvatlandi.

Prezidentlar tegishli vazirlik va idoralarga virusga qarshi samarali kurashni tashkil etish masalalarida o‘zaro muvofiqlashuv va hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha topshiriq berdilar.

O‘zbekiston va Turkmaniston yetakchilari xalqaro siyosat va mintaqaviy hamkorlikka oid qator dolzarb masalalarni ham ko‘rib chiqdilar.

Suhbat har doimgidek samimiy, ochiq va do‘stona ruhda o‘tdi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!