Rasululloh alayhissolatu vassalomga daraxtlarning bo‘ysunishi

Rasululloh alayhissolatu vassalomga daraxtlarning bo‘ysunishi

Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Biz Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bilan birga yo‘lda yurib borar edik. Hatto bir keng vodiyga kelib to‘xtadik. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam qazoi hojat qilish uchun yurdilar va o‘zlarini to‘sadigan biror bir narsa topa olmadilar. Qarasalar, vodiyning chetida ikkita daraxt bor ekan. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ushbu daraxtlardan birining oldiga bordilar va uning shoxlaridan birini ushlab, “Allohning izni ila menga ergash” (ya’ni, meni to‘sish uchun), dedilar. So‘ngra o‘sha daraxt o‘z yetaklovchisiga itoat qiladigan, burnidan tayoq o‘tkazilgan tuya kabi bo‘ysundi. Keyin boshqa daraxtning oldiga keldilar va uning ham shohlaridan birini ushlab: “Allohning izni ila menga ergash”, dedilar. Bu daraxt ham xuddi oldingisi kabi bo‘ysundi. Keyin esa ikki daraxtning o‘rtasiga kelib: “Allohning izni ila men uchun jipslashing”, dedilar va ikki daraxt jipslashdi. Men esa o‘z nafsimga so‘zlagan holda bir lahza (hayratda) qoldim. Keyin qarasam, qarshimda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam turibdilar. Daraxtlar esa bir-biridan ajralib, har biri o‘z joyida turgan ekan” (Muslim rivoyati).

Bu muborak hadisi sharif Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning mo‘’jizalariga dalolat qilish bilan birgalikda u zotning yuksak darajada hayo sohibi ekanliklarini ko‘rsatib turibdi. Zero, Sarvari koinot alayhissolatu vassalom hech kimsasi yo‘q keng bir vodiyda, Jobir roziyallohu anhuga menga qaramay o‘girilib tur, men qazoi hojat qilib olay, desalar ham bo‘lar edi. Ammo u zot alayhissalomning o‘ta yuksak darajadagi hayolari bunday qilishlariga yo‘l qo‘ymadi. Biz ummatlar ham o‘z payg‘ambarimizdan o‘rnak olishimiz va u zotning hayolari bilan hayolanishimiz lozimdir. Alloh taolo barchamizga Nabiy sollallohu alayhi va sallamga munosib ummat bo‘lishni nasib etsin!

Manba: azon.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!