Qoidabuzar to‘y kortejlari jarima maydoniga tortilmoqda

Qoidabuzar to‘y kortejlari jarima maydoniga tortilmoqda
Bir kun Toshkent ko‘chalariga yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari chiqmasa qoidalar qanchalar ko‘p buzilishini tasavvur ham qilolmaymiz.
 
Aksariyat haydovchilarimiz faqatgina YPX xodimlari bor joylardagina telefonni quloqqa tutishmaydi yoki xavfsizlik kamaridan foydalanadilar. Yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarimalar qanchalar yuqori bo‘lmasin, tartib buzuvchilarning soni talaygina.
 
Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi, yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yil boshidan buyon 6 oy ichida 396 554 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan bo‘lib, ulardan 97 174 tasi qo‘pol qoidabuzarliklardir. Shuningdek, 43 496 ta yo‘lovchi tashish qoidalarini buzish, 4462 ta holatda haydovchilarning avtomobil boshqaruvida uyali telefondan foydalanishi, 23 163 ta holatda tezlikni me’yordan oshirish, 3 040 ta avtomobilni mast holatda boshqarish vaziyatlari, 9 070 ta to‘xtash va to‘xtab turish qoidalarini buzish holatlari kuzatilgan. 6 701 ta holatda esa tegishli hujjatlarsiz avtomobilni boshqarayotgan haydovchilar jarimaga tortilgan.
 
Avtomobillarning harakatlanishiga xalaqit qilayotgan to‘y kortejlari ham YPX xodimlari tomonidan jarimaga tortilmoqda. Yil boshidan buyon yo‘l patrul xodimlari tomonidan 30ga yaqin to‘y kortejlariga chora ko‘rilgan.
 
Kunlarning tobora isib borishiga qaramasdan YPX xodimlari poytaxt ko‘chalarida tartib saqlash va xavfsizlikni ta’minlash uchun tun-u kun xizmat qilmoqdalar. Jazirama kunlarda yo‘l chetida nazoratda turib, qoidabuzar haydovchilarni tartibga chaqirishdan charchayotganlari yo‘q.

Manba: uza.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!