Qabristondagi ehson qutisidan pul o‘margan o‘g‘ri ushlandi
Qabristondagi ehson qutisidan pul o‘margan insonni eshitganmisiz? Yoki qarindoshinikiga mehmonga borib, uyini tunagan kimsani-chi?
Bu savollardan yurtdoshlarimiz ajablanishi, yana ham aniqroq aytadigan bo‘lsak, quloqlariga ishonmay, biroz shoshib qolishi shubhasiz. Afsuski, hayotda ana shunday voqea, hodisalar ham sodir bo‘lib turar ekan.
Surxondaryo viloyati Uzun tumanidagi Oqmachit mahallasida yashovchi Qo‘ziboy To‘xliyev (ism-sharif o‘zgartirildi) 32 yoshida mumay pul topishning turli yo‘llarini xayolidan o‘tkazdi. Nihoyat qabristonlarga o‘rnatilgan ehson qutilaridagi pullarni o‘marib, turmush kechirmoqchi bo‘ldi. Shu maqsadda o‘tgan yil may oyida Toshkent shahri Chilonzor tumanining Bo‘ta buva qabristonidagi ehson qutilariga tashlangan pullarni o‘g‘rilab, jinoiy javobgarlikdan qochdi. Shundan so‘ng jinoyat ishlari bo‘yicha Uzun tumani sudi tomonidan unga nisbatan qidiruv e’lon qilindi, deya ma’lumot beradi "O‘zA".
Buni qarangki, bir yildan buyon qidiruvda bo‘lgan Qo‘ziboy uzoqqa qochib ketolmagan ekan. U Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi, Milliy gvardiya va boshqa davlat, jamoat tashkilotlari hamkorligida tezkor vaziyatni barqarorlashtirish, jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, aholining osoyishta, farovon turmushini ta’minlash maqsadida Jarqo‘rg‘on tumanida o‘tkazilayotgan maxsus tadbir chog‘ida tumshug‘idan ilindi.
Yana bir holat, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmatidan xabar qilishlaricha, joriy yilning mart oyida Qiziriq tumani Zarobod mahallasida yashovchi Shoqosim Tolliyev Sho‘rchi tumanidagi Bobotog‘ mahallasida yashovchi qarindoshi Nodir Ro‘ziyevning uyiga mehmonga keladi. Qarasaki, uyda hech kim yo‘q. Fursatdan foydalanib, u yotoqxonadagi sandiqni ochadi. O‘ylab-netib o‘tirmay 6 dona “Nokia” rusumli qo‘l telefoni, bitta TV-tuner, bir juft ovoz kuchaytirgich moslamasi, 1 dona sochga surtiladigan gel va 80 ming so‘m pulini o‘g‘irlab, juftakni rostlaydi. Jinoiy javobgarlikdan qochib yurgan 31 yoshdagi Shoqosim ham Jarqo‘rg‘on tumanida qo‘lga tushdi.
Ayni paytda mazkur holatlar yuzasidan tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
