Mashhur aktyor 49 yoshida autizmga chalinganini ma’lum qildi

Mashhur aktyor 49 yoshida autizmga chalinganini ma’lum qildi

Amerikalik aktyor Ventvort Miller autizm bilan og‘riganini ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Meduza nashri.

Odatda bu kasallik erta bolalikda aniqlanadi, lekin Miller bu haqda 49 yoshida bilgan. Autizm odamning muloqot qilishi, o‘zini tutishi va dunyoni idrok etishiga ta’sir qiladi. Bu kasallikka chalingan odamlarning qobiliyat va ehtiyojlari turlicha bo‘ladi, ammo vaqt o‘tishi bilan ular o‘zgarishi mumkin.

Miller «Qochish» filmidagi Maykl Skofild, shuningdek, «Flesh» va «Ertangi kun afsonalari" filmlarida kapitan Xolod rollari bilan mashhur. Keyinchalik Miller ruhiy tushkunlik bilan kurashganini hamda 15 yoshida o‘z joniga qasd qilishga uringanini tan olgan. 2020 yilda «Qochish»ning yangi mavsumi haqidagi mish-mishlar fonida aktyor Skofild rolini ijro etishdan bosh tortgan.

Aktyor 27 iyul kuni Instagram sahifasida obunachilariga unga qo‘yilgan tashxis haqida ma’lum qildi. Aktyorning so‘zlariga ko‘ra, u autizm alomatlarini bir yil oldin — 2020 yilning kuzida seza boshlagan, keyinchalik shifokorlar tomonidan tashxis tasdiqlangan. Miller unda qanday belgilar namoyon bo‘lganiga aniqlik kiritmagan. Tashxis Millerni hayratda qoldirgan, ammo aktyor hayotidagi hech narsani o‘zgartirmasligini ta’kidladi — u autizmni o‘zining va erishgan narsalarining muhim qismi deb atadi: «Bu men o‘zgartirmoqchi bo‘lgan narsa emas. Yo‘q. Men darhol autizmni qabul qildim, bu mening taqdirim», — degan aktyor.

Xabarga yozilgan izohlarda aktyorni obunachilar, autizmga qarshi kurashish faollari va o‘qituvchilari hamda boshqa mashhur shaxslar qo‘llab-quvvatlagan. Ular orasida Millerning «Ertangi kun afsonalari» teleserialidagi hamkasblari Nik Zano va Brandon Rut, shuningdek, aktyor Brandon Flinn («Negaligining 13 sababi») ham bor. Bunga javoban Miller keyingi postida ularga minnatdorlik bildirib, profiliga «autizmga chalingan/o‘zgacha xususiyatli odam» izohini qo‘shib, autizm shaxsiyatining bir qismiga aylanganini ta’kidlagan.

Autizm kattalarda ham namoyon bo‘lishi mumkinmi?

Aftidan, Millerning holati o‘ziga xos emas — kattalarda yengil turdagi autizm kamdan kam holatlarda uchraydi. Biroq yengil turdagi autizmga chalingan odamlar odatda kasallanganini bilmay turib ham jamiyatga moslashadi va ijtimoiy munosabatlarga kirisha oladi.

Autizm spektrining buzilish belgilari odatda bir yarim yoshdan keyin aniqlanishi mumkin. Biroq ota-onalar bu haqda doim ham bilavermaydi, shifokorlar ham bunga e’tiborsiz bo‘lishi mumkin. Natijada ba’zilar o‘z tashxisi haqida o‘smirlik yoki balog‘at yoshidagina bilishadi.

Britaniya Milliy sog‘liqni saqlash xizmati kattalarda uchraydigan autizm haqidagi maxsus maqolasida uning asosiy simptomlarni sanab o‘tadi:

  • Bunday odamlar uchun boshqalar nima deb o‘ylashini yoki nimani his qilishini tushunish qiyin;
  • Autistlar turli xil ijtimoiy vaziyatlar haqida juda ko‘p tashvishga tushadi;
  • Ular do‘stlar orttirishda qiynaladi yoki yolg‘iz bo‘lishni afzal ko‘radi;
  • Bunday odam boshqalarga qo‘pol yoki befarq ko‘rinadi;
  • Nimani his qilayotganini aytishga qiynaladi;
  • Ular ibora va vaziyatlarni o‘z ma’nosida, so‘zma-so‘z tushunadi (bu narsa kinoyani tushunmasligiga olib keladi);
  • Autistlar aynan bir narsani har kuni qiladi, biror narsa o‘zgarsa, juda xavotirga tushadi.

Ventvort Miller o‘z murojaatida Buyuk Britaniyada kattalarga autizm tashxisi qo‘yish jarayonini tanqid qilib, ko‘plab kamchiliklari bo‘lgan bu uzoq jarayonni takomillashtirish kerakligini ta’kidladi. Biroq u tashxisning o‘zi «ko‘pchilik foydalanmaydigan imtiyoz» ekanligini tan oldi va bu masala bo‘yicha mutaxassis bo‘lish uchun autizm haqida yetarli ma’lumotga ega emasligini qo‘shimcha qildi. Kelajakda Miller o‘z bilimlarini kengaytirib, «salkam ellik yillik tajribasiga» yangicha nazar tashlash niyatida.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!