“Manchester Yunayted” Ronaldusi bor “Yuventus”ni mag‘lub etdi

“Manchester Yunayted” Ronaldusi bor “Yuventus”ni mag‘lub etdi

Evropa chempionlar ligasining 4-turida muxlislar dramatik o‘yin guvohiga aylanishdi. O‘z maydonida “Manchester Yunayted”ni qabul qilgan “Yuventus”, so‘nggi daqiqalarda nafaqat g‘alabani qo‘ldan chiqardi, balki mag‘lubiyatga ham uchradi.
 
Uchrashuv davomida mezbonlar katta ustunlikka ega bo‘ldilar, biroq birinchi bo‘limda gol urishga ularga nasib qilmadi. Ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida Bonuchchi tomonidan maydon markazidan yetkazilgan uzatma natijasida Krishtianu Ronaldu to‘pni yerga tushirmasdan darvozaga joylab qo‘ydi.
 
Keyingi daqiqalarda turinliklar kamida yana bir necha marta raqib darvozasini ishg‘ol qilishlari mumkin edi, ammo to‘p ikki marta darvoza ustuni va to‘sinigi tegib qaytdi.
 
Mankunianliklar o‘yinning so‘nggi 10 daqiqasida faollashib qolishdi va buning uchun mukofotlanishdi. Bahsning 86-daqiqasida Xuan Mata jarima zarbasini ajoyib tarzda golga aylantirdi.

Oradan 3 daqiqa o‘tib, “Manchester Yunayted” bu safar qanotdan “standart”ga ega bo‘ldi. Jarimadan yetkazib berilgan to‘pni “Yuve” posboni Shesni qaytardi, ammo to‘p Bonuchchining boshiga tegib, to‘rga borib tushdi.
 
O‘yinga qo‘shib berilgan 4-daqiqada “Manchester Yunayted” uchinchi golni ham urishi mumkin edi. Qarshi hujum tufayli Reshford darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib bordi va zarba berdi. To‘p Shesnining oyog‘iga tegib, ustun yonidan o‘tib ketdi.
 
Ushbu g‘alabadan keyin “MYu” o‘z ochkolarini 7 taga yetkazib, hisobida 9 ochko mavjud bo‘lgan “Yuventus”ga yaqinlashib oldi. “Valensiya” esa o‘z maydonida “Yang Boyz”ni mag‘lub etdi va 5 ochko bilan 3-o‘rinni egallab turibdi.
 
ECHL, “H” guruhi, 4-tur
Yuventus – Manchester Yunayted 1:2.
Gollar: 1:0 – 65 Ronaldu, 1:1 – 86 Mata, 1:2 – 89, avtogol Aleks Sandro.
Yuventus – Shesni, De Shilyo (Bardzali, 83), Bonuchchi, Kyellini, Aleks Sandro, Kuadrado (Mandjukich, 90), Xedira (Matyuidi, 61), Pyanich, Bentankur, Dibala, Ronaldu.
Manchester Yunayted – De Xea, Yang, Smolling, Lindelef, Shou, Errera (Mata, 79), Matich, Pogba, Lingard (Reshford, 70), Sanches (Fellayni, 79), Marsyal.
Ogohlantirishlar: Matich (12), Aleks Sandro (55), Dibala (75), Errera (75), Marsyal (90).
 
Valensiya – Yang Boyz 3:1
Gollar: Santi Mina (14, 42), 56 Soler (56) – Assale (37).

Qalampir.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!