Izro Malakov va Muhabbat Shamayeva Toshkentda konsert berdi

Izro Malakov va Muhabbat Shamayeva Toshkentda konsert berdi
Poytaxtimizdagi "Turkiston" saroyida O‘zbekiston xalq artistlari Izro Malakov va Muhabbat Shamayeva ishtirokida konsert bo‘lib o‘tdi.
 
Musiqiy dastur oldidan ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun uchrashuv tashkil etildi. 
 
Prezidentning 2017 yil 17 noyabrdagi "O‘zbek milliy maqom san’atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi hamda 2018 yil 6 apreldagi "Xalqaro maqom san’ati anjumanini o‘tkazish to‘g‘risida"gi qarorlari milliy maqom san’atining noyob namunalarini keng targ‘ib qilish, uni asrab-avaylash va rivojlantirish, yosh avlod qalbida milliy mumtoz san’atimizga hurmat va e’tibor tuyg‘ularini kamol toptirish, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini mustahkamlash, ijodiy hamkorlik, madaniy-ma’naviy munosabatlar doirasini xalqaro miqyosda kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Milliy maqom san’ati rivoji yo‘lida ko‘rsatilayotgan ezgu sa’y-harakatlarda mumtoz san’atimiz ravnaqi yo‘lida uzoq yilllar mobaynida samarali mehnat qilgan san’atkorlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, mehnatini e’zozlash, ularga hurmat va ehtirom ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 
 
Davlatimiz rahbarining joriy yil 15-17 may kunlari AQShga rasmiy tashrifi chog‘ida o‘zbek maqom san’atini rivojlantirish, xalqimizning boy madaniy merosini dunyoda targ‘ib etishga qo‘shgan hissasi uchun maqom ansamblining sobiq xonandasi Izro Malakovga O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti unvoni berilgani e’lon qilindi. Izro Malakov bunday yuksak e’tibor uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi. Shu kunlarda qutlug‘ sakson yoshni qarshilagan ustoz san’atkor AQShda maqom san’ati bilan birga o‘zbek madaniyati, an’analari, urf-odatlarining eng faol targ‘ibotchisi, mumtoz musiqaning jonkuyar murabbiyi sanaladi. 
 
Shu kunlarda xalqimizning suyukli xonandalari Izro Malakov va Muhabbat Shamayeva O‘zbekistonda mehmon bo‘lib turibdi.
– O‘zbekiston – buyuk, to‘rt fasli to‘kis diyor, – deydi I.Malakov. –Butun dunyo ta’lim-tarbiyani O‘zbekistondan o‘rgansa arziydi. O‘zbekiston xalq artisti unvoniga musharraf bo‘lganimda g‘oyat to‘lqinlanib ketdim. Prezident Shavkat Mirziyoyev qisqa vaqt mobaynida xalqning qalbidan o‘rin olgan, uning mehriga sazovor bo‘lgan davlat rahbari sanaladi. O‘zbek xalqining mehnatsevarligi, tantiligi ma’lum va mashhur. 
 
– O‘zbekistondek yurt dunyoda yo‘q, – deydi M.Shamayeva. – Samolyotdan tushgan zahotim shu tabarruk diyor tuprog‘ini o‘pdim. Bu aziz yurtning obro‘si yanada yuksalishini tilayman. 
 
Konsertda Vatan sog‘inchi, yurtdoshlarga mehr-muhabbat, chin insoniy tuyg‘ularni tarannum etuvchi qo‘shiqlar yangradi. 
 
Manba: uza.uz

Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!