Isroil hukumati AQSh jamoatchiligi fikrini chalg‘itishga uringan
AQSh vise-prezidenti Jey Di Vens Isroil hukumati a’zolari Qo‘shma Shtatlar va Eron o‘rtasidagi urushni yakunlashga qaratilgan kelishuvga qarshi chiqish uchun Amerika jamoatchiligi fikriga ta’sir o‘tkazishga harakat qilganini bildirdi.
"Isroil hukumati tarkibida bizni ushbu siyosatdan qaytarishga urinayotgan odamlar borligini aniq bilaman. Chunki ular harbiy harakatlarni davom ettirishni istaydi", — dedi vise-prezident.
Vens Isroil hukumatining ayrim a’zolari bilan yaxshi munosabatda ekanini, biroq tizim ichida urushni cheksiz davom ettirish uchun AQSh jamoatchiligi fikrini manipulyasiya qilayotgan shaxslar borligini qo‘shimcha qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘plab davlatlar, jumladan ittifoqchilar ham, raqiblar ham Vashingtonning siyosatiga ta’sir o‘tkazishga harakat qiladi.
"Isroil yoki Rossiyaning bunga urinayotgani meni xavotirga solmaydi. Bu shunchaki 2026 yilda siyosiy yetakchi bo‘lishning odatiy ko‘rinishidir. Biroq bu kabi ta’sir kampaniyalari Qo‘shma Shtatlarning siyosiy qarorlariga ta’sir qila boshlagani meni tashvishga soladi", — dedi u.
Isroil ta’siri bo‘lmaganida ham, AQSh Eronga qarshi hozirgi urushga kirishgan bo‘larmidi, degan savolga Vens "Ha, shunday deb o‘ylayman", deya javob berdi.
"O‘ylaymanki, prezident Isroilning har qanday ta’siridan qat’iy nazar, Eron yadro quroliga ega bo‘lmasligi kerakligiga qat’iy ishonadi va men bu fikrga qo‘shilaman", — dedi vise-prezident.
