Isroil Gresiya uchun 3 milliard yevroga ko‘p bosqichli havo mudofaa tizimini yaratadi
Isroil va Gresiya qiymati qariyb 3 milliard yevro bo‘lgan yirik mudofaa kelishuvini imzoladi. Unga ko‘ra, Isroil Gresiya uchun ko‘p bosqichli havo hujumidan mudofaa tizimini yaratadi.
The Times of Israel xabariga ko‘ra, bu haqda Isroil Mudofaa vazirligi ma’lum qilgan.
«Axill qalqoni» deb nomlangan kelishuv doirasida Gresiyaga Isroilda ishlab chiqarilgan bir qator zamonaviy tizimlar yetkazib beriladi. Ular orasida Rafael kompaniyasining «David’s Sling» va SPYDER majmualari, shuningdek, Israel Aerospace Industries ishlab chiqargan BARAK MX tizimi bor.
Isroil Mudofaa vazirligi ushbu bitimni Isroil va Gresiya munosabatlari tarixidagi eng yirik mudofaa mahsulotlari eksporti kelishuvi, shuningdek, Isroil tarixidagi eng katta shunday bitimlardan biri deb atadi.
Hujjat Tel-Avivdagi Isroil Mudofaa vazirligi qarorgohida vazirlik bosh direktori Amir Baram va uning gresiyalik hamkasbi Ioannis Buras tomonidan imzolandi.
«Kelishuv doirasida Isroil Gresiya uchun to‘liq Isroilda ishlab chiqarilgan tizimlar hamda urush davomida Isroil mudofaa idorasi to‘plagan katta amaliy tajribaga asoslangan kompleks, ko‘p bosqichli havo mudofaa tizimini barpo etadi», — deyiladi bayonotda.
Qayd etilishicha, bu Isroilning boshqa davlatga ballistik raketalar va uchuvchisiz uchish apparatlarini ham qamrab oluvchi keng turdagi tahdidlarga qarshi to‘liq mudofaa kompleksini ilk bor yetkazib berishi bo‘ladi.
Bundan tashqari, tomonlar Gresiyaga Rafael kompaniyasining Drone Dome tizimlarini 26 million yevroga sotish bo‘yicha qo‘shimcha kelishuv ham imzoladi.
Isroil Gresiya bilan mudofaa sanoati sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, jumladan, gresiyalik korxonalarga bilim va texnologiyalar uzatishni ham rejalashtirmoqda.
