Hokimbuva, sizdan nima ketdi, “Toshissiquvvati”ga “hoy” devoring!

Hokimbuva, sizdan nima ketdi, “Toshissiquvvati”ga “hoy” devoring!
Sovuq qotmayapsizmi? Umid qilamizki, qalinroq kiyingansiz. O‘zbekistonda sovuq kunlar boshlanganiga ancha bo‘ldi. Shunga qaramay quyosh ora-sira mo‘ralab, qizdiryaptiyu ust kiyimlarimizni uloqtirganimiz zahot yana sovuq tushgyapti.

Bilasiz, qator viloyatlarda qor yog‘di. Biroq Toshkent bu borada yana orqada qolyapti. Qor yog‘madi degani, Toshkentda havo issiq degani emas. Havoning qanchalik sovuqligini betondan qurilgan ko‘p qavatli uyda yashaydiganlardan so‘rang. Ularnikida harorat tashqaridagidan bir necha daraja past.

Hovlida yashaydiganlarning joni rohatda. Isishtish tizimini o‘zi o‘chirib yoqadi. Albatta, hammasi soz, gazdan esa qarzlar bo‘lmasa... Ko‘p qavatli uylarda yashaydiganlarni esa bir savol qiynayapti: qachon isitish tizimi yoqiladi?

Aynan yuqoridagi savol bilan “Toshissiqquvvati” DUK bilan bog‘landik. Go‘shakni ko‘targan xodim issiqlik ta’minotini boshlash korxonaga bog‘liq emasligini aytdi. Bu uchun yuqoridan buyruq kerakligini ta’kidladi.

“Issiqlik ta’minoti qachondan boshlanishi hozircha aniq emas. Buning uchun Toshkent shahar hokimining ko‘rsatmasi bo‘lishi kerak”, dedi “Toshissiqquvvati” xodimi.

Shundan so‘ng, o‘tgan yillarda hokim ko‘rsatmasi qachon berilganini so‘radik.

“Hokim qarori odatda hafta davomida havo harorati 8 daraja va undan past bo‘lib tursa beriladi. Ungacha biz hech nima qilolmaymiz”, deb javob qaytardi korxona xodimi.

Demakki, uylar isib, bemalol oyoq-qo‘lni uzatib o‘tirish uchun kunlar bundanda sovushini, sovuq hokimbuvaning uyi yo kabinetigacha yetib borishini kutishimizga to‘g‘ri keladi, chog‘i.

Eslatib o‘tamiz, kelasi hafta boshida havo harorati pasayib, yomg‘ir va qor yog‘ishi kutilyapti. Respublikaning yetti viloyatida yomg‘ir qorga aylanishi mumkin. Xususan, poytaxt Toshkentda ham. Umid qilamizki, hokimbuvaning bundan xabari bor.
 

Manba: qalampir.com 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!