Hindistonda quturgan fil 17 kishini o‘ldirdi
Hindiston Jharxand shtatida quturgan fil kamida 17 kishining hayotiga zomin bo‘ldi. Bu haqda The Independent xabar berdi.
Shtat rasmiylarining ma’lum qilishicha, fil yetti kun davomida Saranda o‘rmon mintaqasi bo‘ylab kamida 12 marta hujum uyushtirgan. Fojianing eng mudhish nuqtasi G‘arbiy Singxbhum tumanida kuzatilgan — hayvon ikki kun ichida 13 kishini, jumladan, bir oilaning to‘rt nafar a’zosini o‘ldirgan.
Chaybasa o‘rmon xo‘jaligi bo‘limi xodimi Aditya Narayanning so‘zlariga ko‘ra, fil bir necha kundan beri shtat bo‘ylab o‘ta tajovuzkor harakatlar qilmoqda va o‘z joylashuvini tez-tez o‘zgartirayotgani sababli uni qo‘lga olish qiyinlashmoqda.
“Fil quturish holatiga tushgan ko‘rinadi. Bizning asosiy vazifamiz — uni imkon qadar tezroq tinchlantirish. Hayvonda “must” (erkak fillarda reproduktiv gormonlar ko‘payishi sababli davriy agressiya holati) kuzatilayotgani aniq, bu uning o‘ta tajovuzkorligini izohlaydi”, deya ta’kidladi mutaxassis.
Hozirda filni jilovlash va uni xavfsiz hududga haydash uchun 80 nafarga yaqin xodim safarbar etilgan. Shuningdek, qo‘shni G‘arbiy Bengaliya shtatidan ham ekspertlar jalb qilingan. Shtatda kuchli qo‘rquv muhiti hukmron bo‘lib turibdi. Qishloq aholisi uylaridan chiqishga qo‘rqmoqda, ayniqsa, bolalar va keksalar xavfsizligidan xavotirda. Rasmiylar aholini o‘rmonlarga bormaslikka va hushyor bo‘lishga chaqirgan.
Mintaqaviy o‘rmonlarni muhofaza qilish bosh boshqarmasi boshlig‘i Smita Pankajning tushuntirishicha, hayvonning hujum qilish uslubi bir xil:
“Fil qorong‘i tushishi bilan uy va qishloqlarga hujum qilib, tajovuzkor bo‘lib qoladi. U juda tez harakat qiladi va guruhlarimizni chalg‘itadi. Kunduzi esa o‘rmon ichkarisiga yashirinadi”.
Filning kutilmagan harakatlari tufayli mintaqada olti yo‘nalishdagi poyezdlar qatnovi bekor qilingan.
