Fransiyada koronavirusga qarshi emlash sanasi ma’lum bo‘ldi

Fransiyada koronavirusga qarshi emlash sanasi ma’lum bo‘ldi

Fransiyada 27 dekabr, yakshanba kunidan fuqarolar koronavirusga qarshi emlana boshlaydi, deb yozadi «Kommersant’» respublika ijtimoiy masalalar va sog‘liqni saqlash vaziri Olivye Veranga tayanib. Vaksinasiya ko‘ngilli tarzda bo‘ladi, birinchi bo‘lib «fuqarolarning eng zaif guruhi» emlanadi, deya aniqlik kiritdi vazir.

«Yakshanba kuni biz Fransiyada emlashni boshlaymiz. Birinchi navbatda virusga eng chalinuvchan fuqarolar emlanadi», — deb yozdi Veran Twitter’da. Ta’kidlanishicha, vaksinasiyadan oldin fuqarolar tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi va ularning roziligi olinadi.

Veranning qo‘shimcha qilishicha, mamlakatda virus tarqalishi sur’atlari pasaygani yo‘q. U fuqarolarni Rojdestvo bayramlari chog‘ida ehtiyot choralariga amal qilishga chaqirdi. Bu davrda karantin joriy qilinmaydi, biroq amaldagi cheklov choralariga rioya qilishga to‘g‘ri keladi, dedi vazir.

Jons Hopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, Fransiyada koronavirusga chalinganlar soni 2,5 million kishiga yetgan. 60,6 ming kishi vafot etgan, 189 ming kishi sog‘aygan.

O‘tgan haftada dunyoning bir qator mamlakatlarida koronavirusga qarshi emlash boshlab yuborildi. Ma’lum qilinishicha, 1,1 milliondan ortiq odam koronavirusga qarshi vaksina bilan emlandi — bular  Buyuk Britaniya, AQSH, Xitoy va  Rossiya aholisi. Eng ko‘p odam Xitoyda emlangan — 28 noyabr holatiga ko‘ra, 650 ming kishi emlangan. Buyuk Britaniyada 15 dekabr holatiga ko‘ra, koronavirusga qarshi 137,8 ming kishi vaksinasiya qilindi, Rossiyada esa emlanganlar soni 320 ming kishini tashkil etdi. Emlash 14 dekabrda boshlangan AQShda 17 dekabr holatiga ko‘ra, qariyb 50 ming kishi vaksinaning birinchi dozasini qabul qildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!