Farg‘onada milisiya xodimi xo‘roz urishtirganmidi? Aniqlik kiritildi
Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda “Milisiya xodimlari pulga xo‘roz urishtirib turgan paytida qo‘lga tushdi” nomli videotasvir tarqaldi. Unda milisiya xodimi qo‘lida xo‘roz ushlab turgani, tasvirga olayotgan fuqaro esa uni xo‘roz urishtirish uchun kelgani aytilmoqda.
Tarqalgan xabar yuzasidan Zamon.uz muxbiri Uchko‘prik tuman IIB boshlig‘ining tarbiyaviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari mayor Ma’rufjon Turg‘unov bilan bog‘landi.
Olib borilgan surishtiruv harakatlari davomida aniqlanishicha, 2021 yil 6 yanvar kuni, Farg‘ona viloyati, Uchko‘prik tumani IIB huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmasi tayanch punktlari profilaktika inspektori leytenant Tojiboyev Akbarjon To‘lqinjon o‘g‘li xizmat kiyimida, hushyor holda o‘ziga biriktirilgan Uchko‘prik tumani Yangi yo‘l MFY hududida xizmat olib borgan.
Shu kuni soat 14:00larda xizmat hududida xizmat qilayotgan vaqtida Uchko‘prik tumani rahbariyatining og‘zaki topshirig‘i asosan Uchko‘prik tumani Qorayantoq MFY Qorayantoq qishlog‘ida joylashgan fuqaro R.Ergashevga tegishli bo‘lgan choyxona orqa tomonida noqonuniy ravishda xo‘roz o‘yini bo‘layotganligi haqida ma’lumotni tekshirish maqsadida borgan.
Ushbu hududga borgan vaqtida haqiqatdan ham noqonuniy ravishda xo‘roz o‘yini bo‘layotganligini ko‘rib, o‘rtada uynayotgan xo‘rozlardan birini ushlab olib, hamkasblariga qo‘ng‘iroq qilib, yordam so‘ragan. Shu vaqtda, qimor o‘yinida ishtirok etgan, leytenant A.Tojiboyev ushlab olgan xo‘rozning egasi, Uchko‘prik tumani Katta Baxrin MFY, Katta Baxrin qishlog‘ida yashovchi, 03.06.1991 yilda Uchko‘prik tumanida tug‘ilgan, O‘z.Res JKning 277-moddasi 3-qismi bilan sudlangan, fuqaro Inoyatov Tursunxo‘ja Solixo‘ja o‘g‘li o‘zining uyali telefoniga video tasvirga olgan.
Fuqaro T.Inoyatov leytenant A.Tojiboyevni telefon orqali video tasvirga olganidan so‘ng, telefonni o‘chirib, leytenant A.Tojiboyevni qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, unga qarshilik ko‘rsatib, qimor o‘yiniga kelgan fuqarolar yordamida leytenant A.Tojiboyevni qo‘lidan xo‘rozni tortib olib, voqea joyidan qochib ketgan.
Shundan so‘ng, noqonuniy tashkil qilingan xo‘roz o‘yini bo‘layotgan joyga Uchko‘prik tumani IIB tezkor-tergov guruhi kelib, tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirgan.
Mazkur holat yuzasidan Uchko‘prik tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan noqonuniy xo‘roz o‘yini tashkil qilgan, Uchko‘prik tumani “Navro‘z” MFY Qorayantoq qishlog‘i yashovchi fuqaro Ergashev Ro‘zali Murodovichga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 278-moddasi bilan 302211/2021-5-sonli jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Ushbu holatdan norozi bo‘lgan fuqaro T.Inoyatov o‘zi tomonidan olingan video tasvirni “Telegramm” ijtimoiy tarmog‘iga tarqatib yuborgan. Ushbu holat bo‘yicha leytenant A.Tojiboyev fuqaro T.Inoyatovning noqonuniy xatti-harakatlari yuzasidan qonuniy chora ko‘rishlik uchun 2021 yil 11 yanvar kuni Uchko‘prik tumani IIB boshlig‘i nomiga bildirgi bilan murojaat qilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Uchko‘prik tumani IIB HPB TP profilaktika inspektori katta leytetant Z.Isoqov tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqdaligi ma’lum qilindi.