Eyfel minorasini boshqaruvchi kompaniya rahbari lavozimini tark etadi
Parijdagi Eyfel minorasini boshqaruvchi Société d’exploitation de la tour Eiffel (SETE) kompaniyasi bosh direktori Patrik Branko Ruyvo 2026 yil oxirida lavozimini tark etadi. Bu qaror kompaniyada o‘tkazilgan ichki tekshiruvdan so‘ng qabul qilingan.
Tekshiruv 5 sentyabr kuni Eyfel minorasiga tashrif buyurgan induistlar delegasiyasi bilan bog‘liq mojaroni o‘rganishga qaratilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, Bochasanwasi Akshar Purushottam Swaminarayan Sanstha (BAPS) delegasiyasi tashrifi vaqtida o‘z a’zolarining ayollar bilan muloqotini cheklashni so‘ragan. Shundan so‘ng ayrim ayol xodimlarga ish joylarini tark etib, xizmat xonalariga o‘tish buyurilgan. Ayrim postlarda ularning o‘rniga erkak xodimlar qo‘yilgan.
Kasaba uyushmalari xodimalar jinsi sababli «chetlatilgan, almashtirilgan va ko‘rinmas qilingani»ni bildirgan.
Mazkur holat xodimlarning ish tashlashiga va Eyfel minorasining bir kunga yopilishiga olib keldi.
Keyinchalik SETE kompaniyasi bunday shartlarga rozi bo‘lmasligi kerak edi, deb tan oldi. BAPS tashkiloti ham yuz bergan voqea uchun uzr so‘radi.
SETE kelgusida maxsus protokol bo‘limi tashkil etish va gender tengligi tamoyillariga rioya etilishini kuchaytirishni rejalashtirmoqda.
