Eron mintaqada neft savdosini to‘sib qo‘yish bilan tahdid qildi
Eron parlamenti spikeri va bosh muzokarachi Muhammad Boqir Qolibof Ormuz bo‘g‘ozidagi vaziyat urushdan oldingi holatiga qaytmasligini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, agar Eron neft eksport qilish imkoniyatidan mahrum etilsa, mintaqadagi boshqa davlatlar ham neft sota olmaydi.
«Biz neft sota olmaydigan mintaqada hech kim neft sotmaydi», — deb yozdi Qolibof X ijtimoiy tarmog‘ida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mojaro «hammasi yoki hech narsa» bosqichiga o‘tgan. Qolibof, shuningdek, agar Eron xavfsizligi kafolatlanmasa, «hech qanday infratuzilma xavfsiz bo‘lmaydi», deya ogohlantirdi.
Parlament spikeri Ormuz bo‘g‘ozidagi xavfsizlik AQSh harbiy kuchlarining u yerda bo‘lmasligiga bog‘liqligini ta’kidladi. Shuningdek, Eron urushdan avvalgi vaziyatga qaytish mumkin emasligini bir necha bor ma’lum qilganini eslatdi.
Bu bayonot AQSh prezidenti Donald Tramp Eron Ormuz bo‘g‘ozidagi tijorat kemalariga hujum qilsa, javob tariqasida Erondagi ko‘priklar va elektr stansiyalariga zarba berish bilan tahdid qilganidan bir necha soat o‘tib yangradi.
Eron avvalroq ham yangi dengiz qoidalari doirasida Tehron bilan muvofiqlashtirilgan holda Ormuz bo‘g‘ozi orqali fuqaroviy kemalar harakati xavfsiz saqlanishini bildirgan, biroq respublika mazkur suv yo‘lini nazorat qilishni davom ettirish niyatida ekanini ta’kidlagan.
Jahon dengiz orqali neft tashish hajmining taxminan beshdan bir qismi o‘tadigan Ormuz bo‘g‘ozi AQSh va Isroilning Eronga qarshi harakatlari hamda keyinchalik yuzaga kelgan dengiz qatnoviga oid bahslar fonida eng keskin nuqtalardan biri bo‘lib qolmoqda.
