Eng zararli fitnadan ogoh bo‘ling!

Eng zararli fitnadan ogoh bo‘ling!

Bu fitna shunday zararli fitnaki, shu sababli qanchadan-qancha sog‘lomlar kasal bo‘lgan:

– Qanchadan-qancha boy gadoga aylangan

– Qanchadan-qancha taqvodor fosiqqa aylangan

– Qanchadan-qancha tinch oila xonavayron bo‘lgan

– Qanchadan qancha tolibi ilm ilmdan voz kechgan

– Qanchadan-qancha aziz xorga aylangan

– Qanchadan-qancha mag‘rur o‘rni yo‘qqa aylangan! Bu, ayol fitnasidir. Har sizga iljayib boqqan, ko‘zingizga chiroyli ko‘ringan, o‘zini ko‘z-ko‘z qilgan, umuman sizga halol bo‘lmagan ayoldan o‘tdan qo‘rqqanday hayiqing! Chunki, fitna kabi uqubat yo‘q, (mahram bo‘lmagan) ayolday zararliroq fitna yo‘qdir.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam aytadilar: “O‘zimdan keyin(gi ummatlarim) erkaklariga ayollardek zararliroq fitna qoldirmadim” (Muttafaqun alayh)

Ustozlarimizdan biri hamisha yosh tolibi ilmlar uchun takrorlaydigan nasihatlaridan biri; “Har bir musulmon yigitga murojaatim: Ey mo‘min yigit! Senga Yusuf alayhissalom namuna bo‘lsin. Yusuf alayhissalom umrining bahorida, kuch-quvvati, chiroyi bo‘lgan bir vaqtda Misr malikasi fitnaga solib, uy ichida o‘ziga chorladi. U nima dedi shunda? “Alloh asrasin!“ dedi! Sen modomiki to‘g‘ri ekansan, modomiki Allohdan qo‘rqar ekansan, modomiki ota-onangga yaxshi qarar ekansan, modomiki haromdan uzoq yurar ekansan, modomiki ilm olar ekansan qo‘rqma! Kelajaging porloq seni! Insha Alloh halol, soliha juftga uylanasan, Alloh senga boylik ham beradi. Modomiki taqvo qilar ekansan, qo‘rqma kelajagingdan! Insonlar nima desa deyaversin. Qimmatchilik, ishsizlik, krizis ko‘payganidan qo‘rqma, Alloh taqvodor bandasini tashlab qo‘ymaydi”

Bugun o‘zini ko‘rgazmaga qo‘ygan yalang‘ochlar davrida ko‘zingizni qanchalik tiymang, shunchalik Allohga yaqin bo‘lib boraverasiz. O‘sha ko‘cha to‘la behayolarga boqishdan qaytaradigan qonun yer yuzining hech qayerida yo‘q. Siz faqatgina Alloh uchun tiyasiz ko‘zingizni. Bu juda ulkan amaldir. Alloh mukofotsiz qo‘yadi deb o‘ylaysizmi? O‘ylamang, Alloh bu g‘arizani berib, yana uni bo‘g‘ib qo‘ygan ekan, deb. Faqatgina chegara qo‘yib qo‘ydi, haloligagina ruxsat berdi. Bu esa, Uning O‘ziga yanada yaqin bo‘lishimiz uchundir. Nomahramdan ko‘zingizni tiyib Allohga bir yaqinlashasiz, haloliga boqib ham Unga bir yaqinlashasiz. Oxiratini dunyosi evaziga sotib olgan yalang‘ochlar o‘z savdolariga sizni ham sherik qilib qo‘yishiga yo‘l qo‘ymang!

“Sen mo‘minlarga ayt, ko‘zlarini tiysinlar va farjlarini saqlasin. Ana shu ular uchun pokdir. Albatta, Alloh nima hunar qilayotganlaridan xabardordir” (“Nur” surasi, 30-oyat)

Ma’mur Muxtor,

Azon.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!