Davlat xaridlarida 25 mlrd so‘mdan ortiq qonunbuzilish aniqlandi
Raqobat qo‘mitasi davlat xaridlari bo‘yicha o‘tkazgan monitoring va murojaatlarni o‘rganish natijasida 25 mlrd so‘mdan ortiq xaridlarda qonunbuzilish holatlarini aniqladi.
Jizzax viloyatida aniqlangan qonunbuzilishlar umumiy qiymati 1,5 mlrd so‘mdan oshadi. Sirdaryo viloyatida esa 22,5 mlrd so‘mlik tender savdosida qonunchilik talablari buzilgan.
Farg‘ona viloyatida ham qariyb 1,2 mlrd so‘mlik hamda 275 mln so‘mlik eng yaxshi takliflarni tanlash savdolarida qonunchilikka rioya qilinmagani aniqlangan.
Jizzaxda Arnasoy tuman tibbiyot birlashmasining 588,3 mln so‘mlik autsorsing xizmati, viloyat ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internatidagi 6 ta savdoning 333,1 mln so‘mlik tovar-moddiy boyliklari xaridi tekshirilgan.
Shuningdek, silga qarshi kurash dispanserida 420 mln so‘mlik autsorsing xizmati, Do‘stlik tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limida 183,1 mln so‘mlik qurilish mollari xaridi bo‘yicha qonunbuzilishlar qayd etilgan.
Sirdaryoda «Issiqlik elektr tarmoqlari» AJ «Sirdaryo IES» filialidagi tenderlar, Farg‘onada esa Marg‘ilon shahar Obodonlashtirish boshqarmasi hamda Buvayda tuman yo‘llardan foydalanish davlat muassasasining xaridlari o‘rganilgan.
Jizzaxda ishtirokchilarga asossiz talablar qo‘yilgani va talabgorlar noto‘g‘ri baholangani sababli «Raqobat to‘g‘risida»gi qonunning 29-moddasi talablari buzilgan. Ishlar qo‘zg‘atilib, bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berilgan.
Sirdaryoda «Raqobat to‘g‘risida»gi qonunning 29-moddasi, «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonunning 42, 46 va 61-moddalari buzilgani bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan. Farg‘onadagi ikki holat yuzasidan ham ishlar qo‘zg‘atilib, mansabdor shaxslarga nisbatan MJtKning 178-moddasi 5-qismi asosida ma’muriy ishlar sudga taqdim etilgan.
