"Asirga olingan amerikaliklar o‘ldrilishi mumkin" - Peskov

"Asirga olingan amerikaliklar o‘ldrilishi mumkin" - Peskov

Ukrainadagi jangovar harakatlar vaqtida asirga olingan AQSh fuqarolari o‘limga hukm qilinishi mumkin. Bu haqda Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov MSNBC telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

“Men hech narsaga kafolat berolmayman. Bu tergovga bog‘liq”, deydi Peskov.

Uning tushuntirishicha, bu amerikaliklarning Ukraina armiyasiga aloqasi yo‘q, shuning uchun ular Jeneva konvensiyalari qoidalariga bo‘ysunmaydi.

“Sud bo‘ladi, sud qarori ham bo‘ladi”, deydi Rossiya Federasiyasi Prezidentining matbuot kotibi.

Peskov MSNBC telekanaliga bergan intervyusida Ukraina hududidagi noqonuniy operasiyalarda ishtirok etgan amerikaliklarni “omad askarlari” deb atagan.

“Ular harbiylarimizni o‘qqa tutishda qatnashgan, hayotlarini xavf ostiga qo‘ygan va sodir etgan jinoyatlari uchun javobgarlikka tortilishi kerak”, deydi Rossiya Federasiyasi Prezidenti matbuot kotibi.

O‘tgan hafta AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Ned Prays Ukrainada Rossiya tomonidan asirga olingan ikki Amerika fuqarosi haqidagi xabarlar yuzasidan Qo‘shma Shtatlar Ukraina tomoni va Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi vakillari bilan aloqada ekanini aytgandi. Keyin Prays AQSh bu vaziyatni Rossiya bilan hali muhokama qilmaganini ta’kidlagan.

Qayd etish kerakki, Rossiyada o‘lim jazosi taqiqlangan. Biroq tan olinmagan Donesk xalq respublikasining sudi orqali asirlarni o‘limga hukm qilish holati kuzatildi. Shu yo‘l bilan ikki britaniyalik va marokashlik o‘limga hukm qilindi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!