AQShda ilk bor odamga hayvon yuragi ko‘chirib o‘tkazildi

AQShda ilk bor odamga hayvon yuragi ko‘chirib o‘tkazildi

Amerikalik jarrohlar dunyodagi birinchi eksperimental operasiyani o‘tkazishdi – geni o‘zgartirilgan cho‘chqa yuragini bemorga ko‘chirib o‘tkazishdi. Shifokorlarning ta’kidlashicha, Devid Bennet ismli bemorning bundan boshqa chorasi yo‘q edi.

Bi-bi-sining xabar berishicha, yetti soat davom etgan operasiya uch kun avval amalga oshirilgan, hozirda bemor o‘zini yaxshi his qilmoqda.

«Men uchun tanlov o‘lim va bu transplantasiya o‘rtasida edi, – dedi 57 yoshli Bennet operasiya arafasida. – Kelajakdagi taqdirim butunlay noma’lum ekanligini tushunaman, lekin men uchun bu oxirgi imkoniyat».

Merilend universiteti tibbiyot markazi mutaxassislari operasiya uchun rasmiylardan maxsus ruxsat olib, bemor operasiyasiz o‘lishini tushuntirdi. Transplantasiya muvaffaqiyatli bo‘ladimi yoki yo‘qmi, hali aniq emas.

Jarroh Bartli Griffitning so‘zlariga ko‘ra, amalga oshirilgan operasiya donor organlar tanqisligi inqirozini yechimga yaqinlashtirishni ko‘zda tutgan.

OrganDonor.gov sayti ma’lumotiga ko‘ra, birgina AQShda 100 mingga yaqin odam donor organ transplantasiyasini kutmoqda va tanqislik tufayli kuniga o‘rtacha 17 bemor vafot etmoqda.

Olimlar hayvonlarning a’zolarini odamga ko‘chirib o‘tkazish, ya’ni ksenotransplantasiya imkoniyatlarini uzoq vaqtdan beri muhokama qilishadi. Kardiojarrohlikda cho‘chqaning yuragi ayrim qismlarini, xususan, yurak klapanlarini transplantasiya qilish allaqachon keng qo‘llaniladi.

2021 yil oktyabr oyida Nyu-Yorkdagi jarrohlar odamga cho‘chqa buyragini muvaffaqiyatli ko‘chirib o‘tkazganliklarini e’lon qilishdi, bu o‘sha vaqtda tarixdagi eng murakkab operasiya edi. Biroq buyrak ko‘chirib o‘tkazilgan bemor vafot etdi.

Bennet esa yashashga umid qilmoqda. Operasiyadan oldin u yurak kasalligi tufayli olti hafta kasalxonada yotdi. Uning hayoti tibbiy asbob-uskunalar yordamida saqlab turildi.

Yuragi transplantasiya uchun ishlatilgan hayvon genetik jihatdan o‘zgartirilgan: olimlar transplantasiya qilingan organ bemorning organizmi tomonidan rad etilishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan gendan xalos bo‘lishlari kerak edi.

Griffitning so‘zlariga ko‘ra, hozir shifokorlar bemorning ahvolini diqqat bilan kuzatib bormoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!