AQSh kosmosga qurol joylashtirganini e’lon qildi
Qo‘shma Shtatlar endilikda orbitada kosmik qurolga ega va undan mamlakat harbiy kuchlarini himoya qilishda foydalanadi. Bu haqda AQSh Harbiy-havo kuchlari vaziri Troy Meynk ma’lum qildi.
Bu bayonot Vashington uzoq yillar davomida Xitoy va Rossiya orbitada lazerlardan foydalanish yoki AQSh sun’iy yo‘ldosh signallarini bostirish kabi harakatlarni amalga oshirayotgani haqida ogohlantirib kelgan bir paytda yangradi.
Meynk orbitada qanday turdagi qurol borligiga aniqlik kiritmadi. Ammo u qurol kosmik nazorat uchun ishlatilishiga ishora qildi. AQSh rasmiylaridan anonimlik sharti bilan The Washington Post nashriga qo‘shimcha ma’lumot bergan. Unga ko‘ra, harbiylar AQSh qo‘shinlari yoki sun’iy yo‘ldoshlarini nishonga oladigan dushman sun’iy yo‘ldoshini ushbu qurol yordamida yo‘q qilishi mumkin.
AQSh kelajakdagi “Oltin gumbaz” raketaga qarshi mudofaa tizimining bir qismi sifatida ko‘zda tutilgan kosmik raketalar tarmog‘ini ham ishlab chiqmoqda. Tizim 4 qatlamdan iborat bo‘lib, ularning 1 tasi sun’iy yo‘ldoshga asoslanadi, qolgan 3 tasi esa quruqlikdagi himoya gumbazlarini o‘z ichiga oladi.
"Oltin gumbaz” Isroilning “Temir gumbaz” tizimini yaratishda ilhomlanilgan, biroq u AQSh geografiyasi va qarshi choralar murakkabligi sabab ancha yirik bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Tizimning umumiy qiymati 175 milliard dollar deb baholanmoqda, ammo qurilish va texnik detallar hali to‘liq hisob-kitob qilinmagan. Hozircha AQSh kongressi rejaga 25 milliard dollar yo‘naltirgan, 2026 yilda esa loyiha byudjetiga qo‘shimcha 45,3 milliard dollar ajratish rejalashtirilgandi.
