Amerikaliklar navbatdagi saylovda Trampga ham, Baydenga ham ovoz bermoqchi emas

Amerikaliklar navbatdagi saylovda Trampga ham, Baydenga ham ovoz bermoqchi emas

AQShning Demokratik va Respublikachi partiyalari tarafdorlarining katta qismi 2024 yilgi prezidentlik saylovlarida yangi nomzodlarni ko‘rishni istashlarini aytib, AQSh prezidenti Jo Bayden va uning sobiq hamkasbi Donald Trampni qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortdi. Bu CNN nashri o‘tkazgan so‘rovnoma natijalarida o‘z aksini topdi.

So‘rov natijalariga ko‘ra, demokratlarga ovoz bergan yoki ularga ovoz berishga moyil bo‘lgan amerikaliklarning 51 foizi Bayden emas, balki partiyadan yangi nomzod ko‘rsatilishini xohlaydi. Ushbu respondentlarning 35 foizi Baydenning respublikachi nomzodni mag‘lub etish qobiliyatiga shubha qilishini aytdi va so‘ralganlarning 19 foizi uning yoshidan xavotirda, chunki Bayden 2024 yilda 82 yoshga to‘ladi.

Respondentlarning atigi 45 foizi demokratning saylovlarda ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlagan. Qayd etilishicha, 45 yoshdan oshganlar, shuningdek, oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan saylovchilar (51 foiz) Bayden nomzodini qayta ko‘rsatishni qo‘llab-quvvatlagan.

Respublikachilar haqida gapiradigan bo‘lsak, Trampning 2024 yilda nomzodini qo‘yish tarafdorlari va unga qarshi bo‘lganlar o‘rtasidagi ovozlar deyarli teng taqsimlangan: so‘rovnoma ishtirokchilarining 50 foizi uning nomzodini qo‘llab-quvvatlagan, 49 foizi boshqa siyosatchining nomzodi qo‘yilishi kerak, deb hisoblaydi.

Asosan, AQShning sobiq prezidentini oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan oq tanli amerikaliklar (60 foiz), shuningdek, Baydenning 2020 yildagi g‘alabasini noqonuniy deb hisoblaydigan amerikaliklar (64 foiz) qo‘llab-quvvatlaydi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!