Alisher Usmonov eng boy rossiyaliklar reytingida 7-o‘rindan joy oldi

Alisher Usmonov eng boy rossiyaliklar reytingida 7-o‘rindan joy oldi

Forbes Rossiyadagi eng boy ishbilarmonlarning yillik reytingini e’lon qildi. Birinchi o‘rin «Severstal» egasi Aleksey Mordashovga nasib qildi, uning boyligi nashr tomonidan 29,1 milliard dollarga baholandi. Bir yil oldin Mordashov 16,8 milliard dollar bilan to‘rtinchi o‘rinni egallagan edi.

2020 yilgi reyting yetakchisi, «Nornikel» rahbari Vladimir Potanin 27 milliard dollar bilan bu safar ikkinchi o‘ringa tushib ketdi (bir yil oldin — 19,7 milliard dollar). Uchinchi o‘rinni «Novolipesk» metallurgiya kombinati egasi Vladimir Lisin egalladi — 26,2 milliard dollar.

To‘rtinchi o‘rinda «Lukoyl» rahbari Vagit Alekperov (24,9 milliard), beshinchi o‘rinda «Novatek» kompaniyasi asosiy egasi Leonid Mixelson (24,9 milliard), oltinchi o‘rinda «Novatek» va «Sibur» kompaniyalari direktorlar kengashi a’zosi Gennadiy Timchenko (22 milliard) turibdi.

Reytingda USM Holdings asoschisi va bosh aksiyadori Alisher Usmonov yettinchi o‘rindan joy oldi. Forbes ma’lumotlariga ko‘ra, 67 yoshli tadbirkorning boyligi yil davomida sezilarli darajada o‘sgan — 13,4 milliarddan 18,4 milliard dollargacha. Sakkizinchi o‘rin «Evroxim» va SUEK kompaniyalari egasi Andrey Melnichenkoga nasib qildi (17,9 milliard).

Telegram asoschisi Pavel Durov birinchi marta reytingdagi kuchli o‘nlikka kirdi. 17,2 milliard boyligi bilan u to‘qqizinchi o‘rinni egalladi. 2020 yilda Durov atigi 30-o‘rinda edi va uning aktivlari 3,4 milliardga baholangan. O‘ninchi o‘rindan Federasiya kengashi a’zosi Sulaymon Karimov joy oldi (15,8 milliard).

Jami ro‘yxatga Forbes ma’lumotlari bo‘yicha boyligi 550 million dollardan oshadigan 200 nafar eng boy biznesmenlar kiritilgan.

Forbes’ning 6 aprelda e’lon qilingan yillik global reytingida Amazon asoschisi Jeff Bezos 177 milliard dollarlik boylik bilan birinchi o‘rinni egallab turibdi. 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!