Alisher Qodirov og‘riqli mavzu haqida: "Bu — dahshat!"

Alisher Qodirov og‘riqli mavzu haqida: "Bu — dahshat!"

Prezidentlikka nomzod Alisher Qodirov telegramdagi sahifasida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

"DTMning mandat.dtm.uz saytidagi ochiq ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilda 892 ming 710 nafar abituriyent testga kirgan.

Ming afsuslar bo‘lsinkim, ularning 319 ming nafari (35,8%) o‘tish balining eng quyi chegarasi bo‘lgan 56,7 balni ham to‘play olmagan. Bu dahshat!

Eng yomon ko‘rsatkich, Toshkent viloyatida (39,1%), nisbatan yaxshiroq natija Toshkent shahrida (29,5%) qayd etilgan (pastdagi jadvalga qarang).

56,7 ball — bu to‘plash mumkin bo‘lgan eng yuqori 189 balning 30%i degani. Ya’ni abituriyent hech bo‘lmasa 30% bilimga ega bo‘lsa, ushbu ko‘rsatkichni to‘play oladi. 30% bilim esa reyting tizimidan qiyos olsak, hatto 2 baho ham emas! 1 baho desak to‘g‘ri bo‘lar balki.

Ya’ni 2 bahoga o‘qiganlar ham taxminan 35-55% natija ko‘rsata olishi kerak.

Tasavvur qilyapsizmi, yaqin o‘rtada maktablarimizni tugatgan abituriyentlarning 36% foizi, aniqrog‘i 319 ming yoshlar (balki orasida kam sonli yoshi kattalar ham bordir) fanlarni 2 bahoga ham bilishmaydi.🤦‍♂️

❓56,7 ball to‘plash shunchalik qiyinmi? Nechta savolga to‘g‘ri javob berish kerak edi?

Ushbu balni olish uchun quyidagicha javob berish kifoya edi:

Majburiy blokdagi 10 ta savoldan 5️⃣ tasiga;
Mutaxassislik blokidagi 20 ta savoldan 4️⃣ tasiga.

Shunda 56,7 ball olish mumkin edi. Kechirasizlaru, buning nimasi qiyin?

Majburiy blokdagi savollar o‘ta va o‘ta oson darajada bo‘lsa, mutaxassislik blokidagi savollarga esa hammasini bitta harf, masalan "A" qilib belgilasa ham 4 tadan oshiq chiqsa, nahotki 319 ming abituriyentlar shuni ham eplay olmagan? Bu dahshat emasmi?

Yoshlarni gapirtirsa, darrov «ota-onam kambag‘al, sharoitimiz yo‘q, repetitorga pulimiz yetmaydi», deb gap boshlaydi va aybni osongina otasiga to‘nkab qo‘ya qoladi. Vaholanki, hech bo‘lmasa 2 baho darajasida o‘qish uchun repetitorga borish shartmas. Ozgina qo‘liga kitob olsa, salgina ko‘nglida xohish bo‘lsa yetarli edi.

Tez orada joriy yilgi kirish ballari haqida ham tahlillarimni e’lon qilaman. Unda ham ko‘rish mumkinki, kirish ballari anchayin past, O‘zbekistondagi barcha yo‘nalishlarning 70%ida kirish bali 100 baldan past bo‘lgan. Boshqacha aytganda 100 ball to‘play olgan abituriyent 2720 ta yo‘nalishga kira olar edi. Demak, o‘qishga kirish aslida qiyinmas, shunchaki ommaviy bilimsizlik bizni qamrab olgan. Bu haqda hali yana batafsil gaplashamiz.

Raqamlardan ko‘rinib turibdiki, abituriyentlarning umumiy bilim darajasi ancha past. Yillar davomida ta’limning tashlab qo‘yilgani, bugun o‘zining salbiy «mevasini» bermoqda. Bu bizni ko‘proq tashvishga solishi, xalq ta’limi tizimiga bor kuchimizni, mablag‘imizni ayamasdan tashlashimiz kerakligini anglatadi.

❓Sizningcha, nega bilim darajamiz xavotirli darajaga kelib qoldi? O‘quvchilarning katta qismi eng elementar va sodda bilimlarni ham bilmasligiga sabab nima?"


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!