Akbar Jo‘rayev dast ko‘tarishda jahon rekordini yangiladi

Akbar Jo‘rayev dast ko‘tarishda jahon rekordini yangiladi

Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida og‘ir atletika bo‘yicha jahon chempionati davom etmoqda.
 
Kecha, 8 noyabr kuni musobaqa doirasida -102 kg vazn toifasida bahslar o‘tkazildi va O‘zbekiston sharafini Akbar Jo‘rayev himoya qildi.
 
U uchta urinish yakuniga ko‘ra 180 kg. tosh ko‘tardi va yoshlar o‘rtasidagi jahon rekordini yangiladi.
 
Biroq, siltab ko‘tarishda Akbar Jo‘rayev sovrinli o‘rinlardan chetda qoldi va musobaqani 4-o‘rinda yakunladi. U ushbu yo‘nalishda uchala urinishni ham muvaffaqiyatli bajardi. Avvaliga 200 kg, keyin 207 kg va nihoyat hal qiluvchi urinishda 212 kg toshni o‘ziga bo‘ysundirdi.
 
Eronlik Ali Hoshimiy va Ukraina terma jamoasi a’zosi Dmitro Chumak esa bir xil – 217 kg, yana bir eronlik atlet Rizo Bayralvand 218 kg natijani qayd etishdi va sovrinli o‘rinlar aynan ularniki bo‘ldi.
 
Ikkikurash natijasiga ko‘ra, Hoshimiy 396 (dast ko‘tarishda 179, siltab ko‘tarishda 217) kg ko‘rsatkich bilan oltin medalga sazovor bo‘ldi. Chumak (176-217) hamda Bayralvand esa (175-218) bir xil – 393 kg natija qayd etishdi. Faqat ukrainalik sportchi vazn borasida raqibidan biroz yengilligi bois kumush medalni qo‘lga kiritdi. Akbar Jo‘rayev esa ikkikurashda 392 (180-212) kg natija bilan yuqorida sanab o‘tilgan sportchilardan keyingi pog‘onani band etdi.

Qalampir.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!