30 yoshli cho‘pon 6 nafar surxondaryolikni "uxlatib ketdi"

30 yoshli cho‘pon 6 nafar surxondaryolikni "uxlatib ketdi"

Surxondaryo viloyatida olti fuqaroning 74 bosh qo‘y-echkisini oyma-oy ma’lum haq evaziga boqib berishga va’da qilib, ularni uxlatib ketgan Uzun tumani Oqtumshuq mahallasida yashovchi Sotiboldi Qo‘ziyev ishonib topshirilgan o‘zgalar mulkini o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilish jinoyatini sodir etganlikda ayblanmoqda. O‘ttiz yoshdagi bu kimsaga Uzun tumani Mustaqillik mahallasida yashovchi ikkinchi guruh nogironi Tog‘ay Murodov (ism-shariflar o‘zgartirildi) 36 bosh, Nozima Fattoyeva olti bosh, Soli Valiyev 6 bosh qo‘y-echkisini, Ashur To‘rayev 8 bosh, Denov tumani Surxondiyor mahallasida yashovchi Nafosat Murodova 8 bosh, Oxtom mahallasidan Xoltoji Murodov o‘n bosh qo‘yini kelishilgan haq evaziga boqib berish uchun ishonib topshiradi. S. Qo‘ziyev o‘ylab-netib o‘tirmay, o‘tgan yil dekabr oyida fuqarolardan sanab olgan chorva mollarini sotib, pulini o‘z ehtiyoji uchun sarflab yuboradi. Bu qilmishi bilan u qo‘y-echkisini topshirgan fuqarolarga 62 million 800 ming so‘m moddiy zarar yetkazadi.

Bu haqda ichki ishlar idorasiga qariyb bir yildan buyon qo‘y-echkilari qo‘rasiga qaytib kelishini kutib, endilikda chorva mollaridan umidini uzgan Uzun tumani Mustaqillik mahallasida yashovchi ikkinchi guruh nogironi Tog‘ay Murodov murojaat etgan.

Ushbu holat bo‘yicha Sotiboldi Qo‘ziyevga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167- moddasi 2-qismi a bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Manba: O‘zA


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!