2019 yilda probasiya xizmati tashkil etiladi

2019 yilda probasiya xizmati tashkil etiladi

Prezidentning 7.11.2018 yildagi «Jinoyat-ijroiya qonunchiligini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ–4006-son qarori e’lon qilindi.

Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi huzuridagi Probasiya xizmati IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasining Ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolarning ijro etilishini nazorat qilish boshqarmasi va uning hududiy bo‘linmalari negizida tashkil etilmoqda. U 2019 yil 1 yanvardan o‘zgartiriladi. 

Probasiya bo‘linmalarining asosiy vazifalari quyidagilardir:

IIOning ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolarni (jarima, muayyan huquqdan mahrum qilish, majburiy jamoat ishlari, axloq tuzatish ishlari va h.k.) ijro etish bo‘yicha faoliyatini boshqa davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek jamoat tuzilmalari bilan o‘zaro hamkorlikda samarali tashkil etish;
shartli hukm qilingan va jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan shaxslarning xulq-atvori ustidan ta’sirchan nazoratni amalga oshirish;
nazorat ostidagilar, shuningdek jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan voyaga yetmaganlarning ijtimoiy moslashuvi va ishga joylashishiga, shu jumladan ularning kasbiy tayyorgarligi bo‘yicha tadbirlarni tashkil etish orqali har tomonlama amaliy ko‘maklashish;
nazorat ostidagilarning qayta jinoyat sodir etish xavfini aniqlash va bunga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha profilaktik chora-tadbirlarni amalga oshirish, ularning shaxsini ijtimoiy-psixologik portretni tuzgan holda o‘rganish.
 
Tuman (shahar) probasiya bo‘linmalarining shaxsiy tarkibi 1 nafar xodimga shaharlarda – 100, tumanlarda – 75 nafar mahkum hisobidan kelib chiqib taqsimlanadi. Yangi tuzilmada ustuvorlik asosida ijtimoiy, pedagogika va profilaktika sohalarida ish tajribasiga ega bo‘lgan ofiserlar xizmat qiladi. Katta amaliy ish tajribasiga ega bo‘lgan va xizmatdan salbiy holatlarga ko‘ra bo‘shatilmagan IIOning pensionerlari ham u yerga tayinlanishi mumkin. Ularga to‘liq miqdorda pensiya to‘lashda davom etadilar.

Hududiy IIOda rahbarlarning probasiya va jazoni ijro etish masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari paydo bo‘ladi (hozir – jazoni ijro etish bo‘limi boshliqlari). Ular yangi bo‘linmalar faoliyatini muvofiqlashtirib, ushbu yo‘nalish uchun shaxsan javobgar bo‘ladilar.   

Shu bilan bir qatorda Probasiya xizmatini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilmoqda. U axloq tuzatish ishlari jazosini o‘tashdan kelib tushadigan ushlanmalarning 50%i hisobidan shakllantiriladi. Mablag‘lar xizmat xodimlarini rag‘batlantirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, qo‘shimcha kiritilgan shtat birliklarini ta’minlash, shuningdek mahkumlarning kasbiy tayyorgarligi bo‘yicha tadbirlarni tashkil etishga sarflanadi.

Hujjat bilan 2019-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasi jinoyat-ijroiya qonunchiligini takomillashtirish konsepsiyasi tasdiqlandi. Uni amalga oshirish natijalarini hisobga olgan holda, ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish asosida Jinoyat-ijroiya kodeksining yangi tahririni ishlab chiqish rejalashtirilmoqda (1.06.2020 yilgacha).

Manba: azon.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!