Ziroat Mirziyoyeva raisligidagi fond yangi loyihaga qo‘l urdi: Havo sifati monitoringi har soatda olib boriladi

Ziroat Mirziyoyeva raisligidagi fond yangi loyihaga qo‘l urdi: Havo sifati monitoringi har soatda olib boriladi

BMTning Atrof-muhit dasturi (YUNEP), BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi, BMT Taraqqiyot dasturi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi va boshqalar ishtirokida havo sifati, uning monitoringi hamda holatiga oid ma’lumotlar ochiq-oshkoraligi masalasida davra suhbati o‘tkazildi.

«Zamin» fondi xabariga ko‘ra, tadbirda fond Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva ishtirok etib, ushbu masalalar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirgan.

Ta’kidlanishicha, transport vositalaridan chiqayotgan zararli is-gazlar, sanoat chiqindilari va ekotizimning buzilishi yildan yilga havoning ifloslanishiga olib kelyapti. Oqibatda onkologik, nafas respirator va yurak-qon tomir kasalliklarining ko‘lami ortib bormoqda.

Ushbu muammolarni bartaraf etish uchun, avvalo, havoning sifat monitoringini o‘tkazish, ya’ni turli moddalardan ifloslanish darajasini o‘lchash zarur. Ushbu tahlil natijalari bo‘lganidagina havoning ifloslanishi va buning inson salomatligiga salbiy ta’sirini kamaytirish choralarini ko‘rish mumkin.

Ziroat Mirziyoyeva raisligidagi fond yangi loyihaga qo‘l urdi: Havo sifati monitoringi har soatda olib boriladi

Qayd etilishicha, «Zamin» fondi hamda YUNEP ko‘magida Gidrometeorologiya xizmati markazi tomonidan «Atmosfera havosi ifloslanishining monitoringini avtomatlashtirish» loyihasi uch bosqichda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

«Bugungi kunda loyihaning birinchi bosqichi yakunlanib, 63 ta kuzatuv punkti yagona tahliliy markazga birlashtirildi. Monitoring natijalari monitoring.meteo.uz ochiq onlayn platformasi va AirUz mobil ilovasida e’lon qilib boriladi.

Ikkinchi bosqichda butun respublika bo‘ylab avtomatik havo monitoringi stansiyalarini o‘rnatish va havo monitoringi uchun xalqaro standartlarni joriy etish ko‘zda tutilgan.

Uchinchi bosqichda monitoring natijalari respublikadagi Yagona geoinformasion ma’lumotlar bazasiga kiritilib, xalqaro axborot tizimlariga integrasiyalanadi.

Grant mablag‘lari asosida o‘rnatiladigan ushbu stansiyalar to‘liq ishga tushishi natijasida, havo sifati monitoringi xalqaro standartlarga muvofiq har soatda olib boriladi. Fuqarolar o‘zi istiqomat qiladigan joyining havosi ifloslanganlik darajasini va uning sabablarini aniq bilish imkoniga ega bo‘ladi», – deyiladi «Zamin» fondi axborotida.

Tadbirda BMT Atrof-muhit dasturining Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Bruno Possi ham so‘z olgan.

«Havoning ifloslanishi chegara bilmaydi. Bu barchamizga ta’sir qiladi va biz ushbu muammoni hal qilish uchun kuchlarni – hukumatlar, nodavlat tashkilotlar, fuqarolik jamiyati, ilmiy doiralar, biznes va sanoat sohasini birlashtirishimiz kerak. Har bir inson toza havodan nafas olishga haqlidir. Hozir, global sog‘liqni saqlash inqiroziga duch kelgan paytimizda, bu ayniqsa muhim», – degan Bruno Possi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!