Z-patriotlar va kavkazlik musulmonlar nizolashmoqda
Avvalroq, Rossiyaning Vladimir viloyatida maktablarda niqob va hijob kiyishga taqiq kiritilgani haqida xabar bergandik. Bunga “ishbilarmonlik muhitini” yaratish hamda “milliy va diniy asosdagi nizolarning oldini olish" sabab qilib keltirilgan.
Deutsche Welle nashrining yozishicha, mazkur qaror nizolarning oldini olishga emas, aksincha Rossiyadagi musulmonlar va boshqa toifaga mansub shaxslar o‘rtasidagi ziddiyatning kuchayishiga xizmat qilgan. Qayd etilishicha, ushbu masala federal darajadagi bahsga aylangan.
Vladimir viloyati allaqachon bunday cheklovlar joriy etilgan Rossiyadagi uchinchi mintaqadir: xuddi shunday taqiq Xanti-Mansiysk va Yamalo-Nenes avtonom okruglarida ham kiritilgan. Masalan, ushbu taqiq tufayli, 2022 yil sentyabr oyida Yamalo-Nenes avtonom okrugidagi maktab o‘quvchisi o‘zining maktabdan haydalganini bildirdi, ammo keyinchalik, mahalliy hokimiyat uni istisno qildi. Natijada yuzaga kelgan janjalga tezda barham berilgan. Ammo Vladimir viloyatida ushbu ayirmachilik tezda federal ahamiyatga ega muammoga aylandi.
Gap shundaki, bir necha kun ichida Rossiyada ikki lager – Z-patriotlar va Shimoliy Kavkaz respublikalari siyosatchilari o‘zaro janjallashdi.
Rossiya Davlat Dumasi deputati, Dog‘istonlik Biysulton Hamzayev Vladimir viloyatidagi amaldorlarni “ahmoqlar” deb atagan. Chechenistondan uning hamkasbi Adam Delimxanov Telegram kanalida Ramzan Qodirov nomidan Vladimir viloyati mahalliy amaldorlari bilan “muzokaralar” o‘tkazilayotganini ma’lum qilgan.
Delimxanovning bayonotlari Z-patriotlarining noroziligini uyg‘otdi. “Ikki mayor” Telegram-kanali mazkur holatni “chechen deputatlarining boshqa hududlarga ta’sirini kengaytirishi” deb atadi. Shuningdek, “voyenkor” Roman Saponkov “bunday harakatlar federal markazni zaiflashtirishini qo‘shimcha qilgan.
"Vladimir viloyati hokimiyatining harakatlari qanchalik qonuniy ekanini baholash qiyin, ular musulmonlar uchun juda nozik masalani ko‘tarishdi", degan islomshunos Ahmad Yarlikapov nemis nashriga.
Yarlikapovning ta’kidlashicha, Shimoliy Kavkaz musulmonlari orasida hijobga alohida munosabat bor: uni taqiqlash mumkin emas. Bunday cheklovlar Rossiyada jiddiy qarama-qarshilikni yuzaga keltirishi mumkin.