Yuridik texnikum bitiruvchilari TDYUUga kirish yo‘llanmasini olish imkoniyatidan mahrum bo‘ldimi? Adliya vazirligi aniqlik kiritdi

Yuridik texnikum bitiruvchilari TDYUUga kirish yo‘llanmasini olish imkoniyatidan mahrum bo‘ldimi? Adliya vazirligi aniqlik kiritdi

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan ma’lumotlarda 2020 yilda kiritilgan o‘zgartirishlar tufayli yuridik texnikum bitiruvchilari TDYUUga kirish yo‘llanmasini olish imkoniyatidan mahrum bo‘lganliklari haqidagi anonim murojaat keltirilgan.

Mazkur holat yuzasidan Adliya vazirligi quyidagilarni ma’lum qildi:

Birinchidan, xorijiy tilni bilish sertifikatini joriy etishdan maqsad milliy huquq tizimini yanada rivojlantirish orqali yuridik kadrlarni xalqaro maydonda raqobatbardoshligini ta’minlash, shuningdek o‘z sohasining yetuk mutaxassisi bo‘ladigan halol, vijdonli va bilimli kadrlar bilan to‘ldirishdan iborat.

Yuridik texnikumlar bitiruvchilariga yo‘llanmalar berishda xorijiy tilni V2 darajasida bilish to‘g‘risidagi milliy yoki xalqaro sertifikat (IELTS 5,5 ball) talabi 2020 yil oktyabr oyida kiritilgan. Ushbu ma’lumot OAV orqali e’lon qilingan va bevosita yuridik texnikumlarning o‘quvchilari e’tiboriga ham yetkazilgan (xorijiy tilni bilish talabi 2018 yilda ham bo‘lgan, bunda xorijiy tilni bilish darajasi yakka tartibda suhbat o‘tkazish jarayonida aniqlanishi belgilangan edi).

Ikkinchidan, suhbatga kirish uchun yo‘llanmalarni belgilangan tartibga muvofiq barcha bitiruvchilar emas, balki ular jami sonining 30 foizi olishi mumkin.

Shu sababli, yuridik texnikumga faqatgina tegishli yo‘llanma olish uchun o‘qishga kiriladi, degan fikrga qo‘shilib bo‘lmaydi. Bundan tashqari, o‘tkazilgan ochiq muloqotlarda bitiruvchilarning aksariyati keyinchalik o‘qish emas, balki ishlash niyati borligini bildirgan.

Uchinchidan, yo‘llanmalar berish bo‘yicha maxsus komissiyalar tomonidan Buxoro, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo, va Xorazm viloyatlari yuridik texnikumlari bitiruvchilariga tegishli yo‘llanmalar berilgan.

Bu o‘quv yilida TDYUUga kirish uchun suhbatdan o‘tishga yuridik texnikumlar va TDYUU qoshidagi akademik liseyning 63 nafar bitiruvchilari tavsiyanoma va yo‘llanma olishga hujjat topshirgan bo‘lib shu kunlarda tegishli komisiya tomonidan ko‘rib chiqiladi. Bundan tashqari, yana 29 nafar yuridik texnikumlar va akademik liseyning bitiruvchilarining milliy sertifikat natijalari kutilmoqda.

Shu sababli, “maxsus komissiyadan TDYUUga hech kim yo‘llanma olmadi” degan fikr asossiz.

To‘rtinchidan, yuridik texnikum oliy ta’lim bilan integrasiyalashgan o‘rta maxsus professional ta’lim bosqichida kadrlar tayyorlaydigan davlat ta’lim muassasasi hisoblanadi va unga maktab, lisey va kollejni tugatgandan keyin kiriladi. Bu degani, yuridik texnikumga o‘quvchi o‘zi xohlab o‘qishga kiradi, bu majburiy ta’lim emas, aksincha ixtiyoriy.

Shu bois, yuridik texnikumlarda nomutaxassislik fanlar soni qisqartirilib, mutaxassislik, ya’ni yuridik fanlar ko‘paytirilgan.

Shunday bo‘lsada, yuridik texnikumlarning o‘quv rejasiga muvofiq chet tili 1-kurs o‘quvchilari uchun asosiy, 2-kurs o‘quvchilari uchun esa tanlov fani sifatida kiritilgan, shuningdek 1–2-kurslarda qo‘shimcha o‘zlashtiradigan xorijiy mutaxassislarning qisqa kurslari ham kiritilgan.

Ta’kidlash joiz, yuridik texnikumgacha o‘quvchilar 11 yil maktab, lisey va kollejlarda xorijiy tillarni o‘rgangan.

Beshinchidan, hozirgi kunda yuridik texnikumlarda o‘tkazilayotgan mehnat yarmarkalaritegishli hududdagi bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risida yetarli darajada ma’lumotga ega bo‘lish va bitiruvchini shaxsiy kasbiy qiziqishiga ko‘ra kasb va lavozimlarni egallashga ko‘maklashishdan iborat.

Tashkil etilgan mehnat yarmarkalarida ishtirok etgan 1625 nafar yuridik texnikumlar bitiruvchilaridan 155 nafari dastlabki bosqichdayoq, ya’ni mehnat yarmarkalar o‘tkazish vaqtida bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etgan tashkilotlarga ishga qabul qilinishi bo‘yicha shartnomalar tuzish uchun hujjat topshirishga muyassar bo‘lgan.

Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatoriga (2021 yil 1 martdan o‘z kuchini yo‘qotgan) muvofiq yuridik texnikum bitiruvchilari egallashi mumkin bo‘lgan lavozimlar soni 90 dan ortiqnitashkil etadi. Ushbu lavozimlar bilan Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi www.lex.uz da tanishish mumkin.

Bundan tashqari, Adliya vazirligi tomonidan yuridik texnikumlar bitiruvchilari egallashi mumkin bo‘lgan lavozimlar va kasblar sonini yanada ko‘paytirish bo‘yicha jiddiy ishlar amalga oshirilmoqda.

Oltinchidan, yuridik texnikum bitiruvchilari barcha abituriyentlar kabi test sinovlari orqali ham oliy ta’limga o‘qishga kirishga monelik qiladigan omillar mavjdud emas.

Ettinchidan, hozirda mamlakatimizda xorijiy tillarni egallash ta’lim siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida rivojlantirilmoqda.

Jumladan, bu masalada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
2021 yil mayda tegishli qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, davlat organlariga ishga qabul qilish va yuqori lavozimga tayinlash uchun xorijiy tilni bilish talabgorga qo‘yiladigan majburiy malakaviy ko‘nikma sifatida belgilandi.

Qolaversa, joriy yilning 1 may sanasidan boshlab, IELTS, TOEFL
va boshqa xalqaro imtihonlarda yuqori ball olganlarga imtihon xarajatlari Yoshlar ishlari agentligi tomonidan to‘liq qoplab berilishi joriy etildi.

Eng asosiysi milliy sertifikat mavzusida bo‘layotgan shov-shuvlarga yuridik texnikumlar o‘quvchilari tomonidan yo‘llanmalar olish masalasining qanday aloqasi borligi tushunarsiz.

Yuridik texnikumlarni TDYUUga kirish darchasi deb qabul qilish to‘g‘ri emas. Yuridik texnikumlarning bitiruvchilari bugungi kunda o‘z ma’lumoti bilan bir qator kasb va lavozimlarda, xususan notarius yordamchisi, advokat yordamchisi, FHDYo bo‘limi inspektori, Davlat xizmatlari markazi mutaxassislari, sudya yordamchisi hamda davlat ijrochisi lavozimlarida ishlashlari mumkin.

Yuridik texnikumlar o‘z bitiruvchilari uchun kasb tanlash, hayotda o‘z o‘rnini topish, sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa qator sohalarda faoliyat yuritish uchun bilim beruvchi ta’lim maskanidir, deyiladi Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi taqdim etgan ma’lumotda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!