Yunusobodda 5 nafar talabaning o‘limidan keyin videoselektor o‘tkazildi

Yunusobodda 5 nafar talabaning o‘limidan keyin videoselektor o‘tkazildi

Bosh vazir o‘rinbosari B.Musayev boshchiligida talabalar yashash sharoiti va harakatlanishi monitoringini yo‘lga qo‘yish va bu boradagi ishlarni takomillashtirish masalasida videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Muhokama natijasida  quyidagilarni amalga oshirishga kelishib olindi:

Birinchidan, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Favqulodda vaziyatlar vazirligining “Talabalar yashash sharoiti va xarakatlanishi monitoringini yo‘lga qo‘yish va bu boradagi ishlarni takomillashtirish” yuzasidan qo‘shma qarorini qabul qilish;

qo‘shma qarorda har bir hududda Ishchi guruh tuzib, ijarada va yaqin qarindoshinikida yashayotgan talabalar bo‘yicha o‘rganish tizimini joriy qilish;

Ikkinchidan, har bir hudud kesimida talabalar turar joylari va ijaradagi talabalarning yashash sharoiti va turar joyi holatini, ayniqsa yong‘in va boshqa texnik xavfsizlik talablariga mos kelishini to‘liq tanqidiy va tahliliy o‘rganish;

Uchinchidan, oliy ta’lim muassasalari prorektorlarining lavozim vazifalarini qayta ko‘rib chiqib, ularning talabalar turar joyi va ijarada yashaydigan talabalar bilan ishlash tizimini yaratish;

To‘rtinchidan, Favqulodda vaziyatlar vazirligining joylardagi boshqarma va bo‘limlari bilan birgalikda har bir talabalar turar joyidagi yong‘in xavfsizligi va boshqa texnik xavfsizlik masalalarini o‘rganib chiqish;

Beshinchidan, talabalarga birlamchi yong‘in va boshqa texnik xavfsizlik masalalari bo‘yicha yetarli tushuntirishlar berish;

Oltinchidan, ijarada turadigan talabalar bilan guruh murabbiylari, profilaktika inspektorlari va mahalla mas’ullari tomonidan hamkorlikda olib boriladigan profilaktik tadbirlar qamrovi va sifatini oshirish;

Ettinchidan, viloyat markazlariga yoki Toshkent shahriga uzoq tumanlar va boshqa viloyatlardan OTMlarga o‘qishga kelib, ijarada turadigan talabalarni vaqtinchalik ro‘yxatga olish mexanizmini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish;

Sakkizinchidan, OTMlarga o‘qishga qabul qilingan talabalarning ehtiyojidan kelib chiqib, talabalar turar joylarini qurish yuzasidan ishlab chiqilgan manzilli dasturni takomillashtirish.

Ishchi guruhlar joriy yilning 1 martidan o‘z faoliyatini boshlaydi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!