YUNISEF: Sudanda so‘nggi olti oyda 300 dan ortiq bola halok bo‘ldi yoki jarohatlandi
BMTning Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF) ma’lum qilishicha, 2026 yilning dastlabki olti oyida Sudandagi qurolli mojaro oqibatida 300 dan ortiq bola halok bo‘lgan yoki turli darajada jarohat olgan. Qurbonlarning katta qismi dron hujumlari natijasida qayd etilgan.
Sudan armiyasi bilan Tezkor qo‘llab-quvvatlash kuchlari (RSF) o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlar 2023 yil aprelidan buyon davom etmoqda.
YUNISEF ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi kunda janglar asosan Kordofan, Darfur va Ko‘k Nil shtatlarida davom etmoqda. Bolalar o‘rtasidagi qurbonlarning qariyb 60 foizi dron hujumlari hissasiga to‘g‘ri keladi.
BMT, AQSH, Buyuk Britaniya va boshqa davlatlar Shimoliy Kordofandagi strategik ahamiyatga ega Al-Ubayyid shahri uchun ketayotgan janglar insonparvarlik fojiasini yanada kuchaytirishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda.
Shu munosabat bilan BMT huzuridagi Inson huquqlari kengashi beshta Yevropa davlati tashabbusi bilan qabul qilingan rezolyusiyani ma’qulladi. Hujjatda RSF va uning ittifoqchilari tomonidan Al-Ubayyid va uning atrofida zo‘ravonlik kuchaygani qoralanadi. Shuningdek, Sudandan qochqinlarni qabul qilayotgan davlatlarga ko‘proq yordam ko‘rsatish hamda mojaroga tashqi aralashuvlarni to‘xtatish chaqiriqlari ilgari surilgan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Sudandagi urush hozirga qadar kamida 59 ming nafar insonning hayotiga zomin bo‘lgan, 13 millionga yaqin aholi o‘z uyini tark etishga majbur bo‘lgan. Mamlakatning katta qismida ocharchilik xavfi kuchaygan bo‘lib, 30 milliondan ortiq kishi gumanitar yordamga muhtoj.
Dron hujumlari va artilleriya zarbalari maktablar, bozorlar, yonilg‘i quyish shahobchalari hamda suv ta’minoti inshootlari kabi fuqarolik ob’ektlarini nishonga olmoqda. Bu esa 500 mingdan ziyod aholini jiddiy xavf ostida qoldirgan. Ayrim hududlarda tinch aholi bir yildan ortiq vaqt davomida deyarli qamal sharoitida yashamoqda.
«Bolalar zo‘ravonlik, majburiy ko‘chish va muhtojlikning shafqatsiz doirasiga tushib qolmoqda», — dedi YUNISEFning Sudandagi vakili Sheldon Yett.
BMT mojaro tomonlarini tinch aholi va fuqarolik infratuzilmasini himoya qilishga, gumanitar yordamning xavfsiz va to‘siqsiz yetkazilishiga sharoit yaratishga hamda bolalarni himoya qilish uchun barcha zarur choralarni ko‘rishga chaqirdi.
