Yo‘l nosozligi YTHga sabab bo‘lganda zarar to‘lab beriladi – Transport vazirligi

Yo‘l nosozligi YTHga sabab bo‘lganda zarar to‘lab beriladi – Transport vazirligi

Transport vazirligi inspektorlari qanday vakolatga egaligi va yo‘l nosozligi YTHlarga sabab bo‘lganda ko‘riladigan choralar haqida ma’lumot berildi.

Avtomobil va daryo transportini rivojlantirish departamenti rahbari Ruslan Ro‘zmetovning ma’lum qilishicha, Transport vazirligi Avtomobil tashuvlarini nazorat qilish boshqarmasi inspektorlari yo‘lovchilar va yuklar tashuvchi avtotransport vositalarida lisenziya kartochkalari mavjud bo‘lishini, avtomobillarda tashuvlarni amalga oshirish shartlariga rioya etilishini, haydovchilarning mehnat va dam olish rejimiga rioya etishini nazorat qiladi.

Bu tadbirlar yo‘lovchilar to‘planadigan va yuklar ortiladigan hamda tushiriladigan yirik punktlarda (temir yo‘l vokzallari va stansiyalarida, daryo portlarida, bozorlarda, metropolitenning oxirgi stansiyalarida, avtovokzallarda (avtostansiyalarda), avtobus yo‘nalishlarining oraliq va oxirgi to‘xtash bekatlarida hamda IIV Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining stasionar postlarida amalga oshiriladi.

Nazoratni amalga oshirishda inspektorlar quyidagi vakolatlarga ega:

  • avtotransport vositasining oldiga kelishi, familiyasini, lavozimini aytib haydovchiga o‘zini tanishtirishi, haydovchining talabiga ko‘ra xizmat guvohnomasini ko‘rsatishi;
  • haydovchilarga ularning huquqlarini tushuntirishi;
  • shaxsning huquq va qonuniy manfaatlariga qat’iy rioya qilishi, o‘z xizmat vazifasini aniq bajarishi, haydovchiga nisbatan madaniyatli muomalada bo‘lishi lozim.

«Inspektor avtotransport vositasining lisenziya kartochkasini ko‘zdan kechiradi va haydovchida lisenziya kartochkasi mavjud bo‘lmagan taqdirda tegishli tarzda bayonnoma tuzadi. O‘z o‘rnida, haydovchi ham inspektordan shaxsini tasdiqlovchi hujjat, guvohnoma, ko‘krak nishoni, dislokasiyasini so‘rashi mumkin.

Bir oylik qo‘shma reyd tadbirlari har oyda tasdiqlanadi va inspektorlar shu asosda ish olib borishadi. Bu dislokasiya har oy o‘zgaradi», dedi Ruslan Ro‘zmetov. 

Transport vazirligi matbuot xizmati rahbari Navro‘z Ashurmatov vazirlik xodimlari yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari bilan hamkorlikda ishlashini qayd etib o‘tdi.

«Bizning vazirlikka tegishli avtomobil tashuvlarini nazorat qilish inspektorlari hech qachon bir o‘zi yakka tartibda istagan paytida va istagan joyida reyd o‘tkazmaydi. Ular yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari bilan qo‘shma reydni amalga oshirishadi. Avtomobilni to‘xtatish bilan YHX xodimlari shug‘ullanishadi», deya qo‘shimcha qildi u.

Shuningdek, yo‘lning nosozligi (yamalar) sabab YTH sodir bo‘lganda, haydovchining va yo‘lni nazorat qiluvchi tashkilotlarning javobgarligi haqida izoh berildi.

«Har qanday YTH sodir bo‘lganda haydovchi murojaat qilishga haqli - yo‘lning aybi bilan bo‘ldi deb. Shunaqa murojaat qilinganda, Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llarini nazorat qilish inspeksiyasi mavjud, inspeksiya tomonidan o‘rganiladi va xulosa beriladi. Agar yo‘l nosozligi sabab bo‘lgan bo‘lsa, bu xulosa sudga taqdim etiladi.

Har bitta yo‘l tegishli tashkilot balansida saqlanadi. O‘sha yo‘l qaysi tashkilot balansida bo‘lsa, o‘sha tashkilot tomonidan zarar qoplab beriladi. Bunda haydovchi o‘z huquqini bilishi, murojaat qilishi katta ahamiyat kasb etadi», degan Ruslan Ro‘zmetov.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!