Yoshga doir pensiyaga chiqish narxi 2 million so‘mmi?

Yoshga doir pensiyaga chiqish narxi 2 million so‘mmi?

Pora olish korrupsiyaviy jinoyatlar orasidagi eng og‘ir va ijtimoiy xavfliligi yuqori bo‘lgan jinoyatlardan biridir. Mazkur illatga qarshi kurashish borasida bot-bot so‘z yuritilib, amaliy choralar ko‘rilayotganiga qaramay guruch orasidan kurmaklar hamon chiqayotgani esa dilni hufton qiladi...

“Qahramoni”miz ham Pensiya, nafaqa va boshqa to‘lovlarni tayinlash va to‘lovlarni tashkil qilish sho‘’basi mudiri vazifasini vaqtincha bajaruvchi lavozimida ishlab kelgan. U lavozim yo‘riqnomasiga ko‘ra, qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda fuqarolarning davlat pensiya ta’minotini tashkil etish, fuqarolarga pensiyalar, kompensasiya to‘lovlari va boshqa to‘lovlarni tayinlash, pensiyalar, nafaqalar va boshqa to‘lovlar miqdorlarining qayta hisoblab chiqishini qonunchilik bilan belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqishini ta’minlash, tekshirish va pensiya, nafaqalar, kompensasiya to‘lovlari va boshqa to‘lov hujjatlarga imzo qo‘yish kabi vakolatlarga ega ekanligidan foydalangan.

2022 yilning bahorida Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamenti Uchtepa tuman bo‘limi va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari bilan hamkorlikda bir fuqaroning arizasiga asosan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasining tuman bo‘limi ma’muriy binosidagi o‘z xizmat xonasida xizmat mavqeidan foydalangan holda fuqaroga yoshga doir pensiya tayinlash hujjatlarini rasmiylashtiradi. 2021 yilning yozidan 2022 yilning bahoriga qadar bo‘lgan davrdagi jami 5 162 935,48 so‘m pensiya pullarini tiklab berish hamda 2022 yil aprel oyi uchun tayinlangan 623 000 so‘mdagi pensiya pullari bilan birgalikda 2022 yilning aprel oyidagi pensiya qaydnomasiga kiritib berish evaziga fuqarodan 2 000 000 so‘mni pora tariqasida olgan vaqtida, ashyoviy dalil bilan ushlangan.

“PULNI STOL JIHOZINING TAGIGA QO‘YDIM”

Sud majlisida sudlanuvchi aybiga to‘liq iqrorlik bildirdi...

— 2022 yilning 14 fevralidan Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tuman bo‘limida, pensiya va boshqa to‘lovlarni tayinlash va to‘lovlarni tashkil qilish sho‘basi mudiri vazifasini vaqtincha bajaruvchi lavozimida ishlab kelganman.

Mart oyida bo‘limga notanish fuqaro kelib, sho‘’ba inspektoriga ushrashib, yoshga doir pensiyaga chiqmoqchiligini aytdi. So‘ng sho‘’ba inspektori fuqaroning barcha hujjatlarini belgilangan tartibda ko‘rib chiqib, arizasini chiqarish uchun menga uchrashish kerakligini aytgan. Fuqaro oldimga kelib, o‘zini tanishtirib, yoshga doir pensiyaga chiqish uchun ariza chiqarib berishimni so‘radi va ariza chiqarib berdim. Inspektor ushbu arizani belgilangan tartibda qabul qilib olgandan so‘ng men fuqaroga arizasini belgilangan tartibda ko‘rib chiqilishini va pensiya tayinlanishini tushuntirdim. Oradan kunlar o‘tdi, fuqaro ishxonamga kelib, pensiyasi tayyor bo‘lgan yoki bo‘lmaganini so‘radi. Ism-sharfini so‘rab, dastur orqali pensiyaga chiqarilganini va qancha miqdorda pensiya tayinlanganini va ertaga shaxsini tasdiqlovchi pasport bilan kelishini, mehnat daftarchasi, pensiya guvohnomasini olib ketishi mumkinligini aytdim. Ertasi kuni menga qo‘ng‘iroq qilib, tahminan 20 daqiqalarda uchrashib ketishini va boshqa vaqt uchrashib ketishga vaqti yo‘qligini aytdi. Fuqaroga kutib turishimni aytdim. Tushlik vaqti fuqaro xizmat xonamga kelib, menga 2 000 000 so‘m berdi. Shunda unga kotibaga uchrashib, pensiya guvohnomasini olib ketishini aytdim. Fuqaro xizmat xonamdan chiqib ketdi va pulni stolim ustidagi qora charmdan ishlangan stol jihozining tagiga qo‘ydim. Xizmat xonamdan chiqmoqchi bo‘lganimda, o‘zlarini huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari ekanini aytib, 2 nafar xolislar ishtirokida kirib kelishdi. Huquq va majburiyatlarimni tushuntirishdi. So‘ng hujjatlarni rasmiylashtirishdi. Fuqaro pensiyaga chiqishi uchun amaliy yordam berganim uchun 2 000 000 so‘m berganini va mazkur pul mablag‘larini o‘z extiyojlarim uchun ishlatmoqchi bo‘lganimni aytdim. Mablag‘ni fuqaro taklif qilganligi sababli olganimni ham bildirdim. Sodir qilgan harakatlarim oqibatlarini tushunib yetib, bundan chin ko‘ngildan pushaymonman.

OZODLIKDAN MAHRUM QILINDI VA...

Sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi va 2 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Jinoyat kodeksining 45-moddasi qo‘llanilib, u 2 yil muayyan huquqdan, ya’ni davlat organlari va davlat ishtirokidagi tashkilotlarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilindi.

Dilshod Kamilov,

jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudi raisi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!