Yemenda bir haftada qariyb 16 ming kishi uyini tark etdi

Yemenda bir haftada qariyb 16 ming kishi uyini tark etdi

Yemendagi janglar sabab bir haftada qariyb 16 ming kishi uyini tark etdi.

Yemenda so‘nggi bir hafta ichida jangovar harakatlar kuchayishi oqibatida qariyb 16 ming kishi o‘z uyini tashlab ketishga majbur bo‘ldi. Bu haqda Xalqaro migrasiya tashkiloti (IOM) ma’lum qildi.

Janglar mamlakatning g‘arbiy sohili va janubida kuchaygan. Iyun oyida hukumat kuchlari va husiylar o‘rtasidagi mojaro avj olganidan beri sakkizta viloyatda ichki ko‘chirilganlar soni qariyb 150 ming nafarga yetgan. Faqat so‘nggi bir haftada ularning soni 12 foizga oshgan.

Eng ko‘p ko‘chish Taiz viloyatida qayd etilgan — bu yerdan 81 444 kishi o‘z uyini tark etgan.

BMT Qochqinlar bo‘yicha oliy komissariati ma’lumotiga ko‘ra, majburan ko‘chirilganlarning aksariyati ayollar, bolalar va keksalardan iborat. Ularning ko‘pchiligi avval ham bir necha bor uyini tashlab ketishga majbur bo‘lgan.

Xalqaro tashkilotlar mamlakatdagi gumanitar vaziyat yanada og‘irlashayotganidan ogohlantirmoqda. Nizo davom etsa, yangi ko‘chish to‘lqinlari yuzaga kelishi, ayrim aholi esa Qizil dengiz orqali Jibuti, Somali va boshqa davlatlarga yo‘l olishi mumkin.

Iyun oyidagi keskinlashuvdan oldin ham Yemanda 5,2 milliondan ortiq ichki ko‘chirilgan shaxs bor edi, 22 milliondan ziyod kishi esa gumanitar yordamga muhtoj bo‘lgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!