"Yashil ko‘zli afg‘on qizi" Afg‘onistondan evakuasiya qilindi

"Yashil ko‘zli afg‘on qizi" Afg‘onistondan evakuasiya qilindi

Italiya butun dunyoga "yashil ko‘zli afg‘on qizi" nomi bilan tanilgan Sharbat Gulaning Afg‘onistondan evakuasiya qilinganini e’lon qildi.

National Geographic muqovasidagi surati bilan dunyo e’tiborini tortgan afg‘on ayol Sharbat Gula ayni damda Rimda.

Afg‘onistonda ishlayotgan yordam tashkilotlari Gulaning mamlakatni tark etishi haqidagi iltimosini Italiya hukumatiga yetkazdi. Bu talabga ijobiy javob berganliklarini bildirgan Rim, Gulaning keng ko‘lamli evakuasiya dasturi doirasida Italiyaga olib kelinganini ma’lum qildi.

1985 yilda amerikalik fotograf Stiv Makkarrining Pokistondagi qochqinlar lagerida olgan surati National Geographic muqovasida chop etilgandan so‘ng Gula dunyodagi eng mashhur afg‘on qochqiniga aylangan edi.

Sharbat Gula Sobiq Sovet Ittifoqi 1979 yilda Afg‘onistonga bostirib kirganidan bir necha yil o‘tib Pokistonga ko‘chib kelgan millionlab afg‘onlardan biri edi.

Bombardimonda oilasini yo‘qotgan qizning chehrasidagi bezovtalik, urush fojiasini tasvirlaydigan chuqur nigoh butun dunyo e’tiborini Afg‘onistondagi voqealarga qaratgan edi.

Suratdagi qizning shaxsi uzoq vaqt davomida topilmadi. Shu sababli 2002 yilda National Geographic guruhi, jumladan Makkarri Gulani topish uchun Afg‘onistonga jo‘nab ketishdi. Jamoa Afg‘onistonning chekka hududida Gulani topishga muvaffaq bo‘lishadi.

2016 yilda soxta guvohnoma bilan qo‘lga olingan Gula Pokistondan deportasiya qilingan va Afg‘onistonga jo‘natilgan.

Avgust oyida Tolibon Afg‘onistonda nazorat o‘rnatgach, Italiya sentyabr boshida evakuasiya dasturini boshlab yuborgan va besh ming kishi Italiyaga olib kelingan.

Rim shu oy boshida Afg‘onistonning birinchi ayol bosh prokurori Mariya Bashirga Italiya fuqaroligini berganini ochiqlagan edi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!