Yaponiya Rossiya bilan muloqotni davom ettirish muhimligini ta’kidladi

Yaponiya Rossiya bilan muloqotni davom ettirish muhimligini ta’kidladi

Yaponiya Rossiya bilan muloqotni davom ettirish muhimligini bildirdi. Bu bayonot Rossiya prezidenti Vladimir Putin Moskva Tokio bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanini aytganidan so‘ng yangradi.

Yaponiya hukumati bosh kotibi Minoru Kixara Rossiya tomonidan so‘nggi vaqtlarda bildirilgan ijobiy bayonotlar e’tiborga olinganini aytdi.

Uning ta’kidlashicha, ikki davlat o‘rtasida aloqalarni saqlab qolish muhim, biroq qator masalalar bo‘yicha jiddiy kelishmovchiliklar hali ham mavjud.

Kixara Yaponiya hukumatining Rossiya bilan munosabatlardagi hozirgi qiyinchiliklar uchun mas’uliyat Moskva zimmasida, degan pozisiyasini ham takrorladi.

Avvalroq Vladimir Putin «Valday» forumida Rossiya Yaponiya bilan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini rivojlantirishdan manfaatdor ekanini bildirgan. U iqtisodiyot, ekologiya va ilmiy tadqiqotlarda ikki davlatning umumiy manfaatlari borligini qayd etgan.

Putin shuningdek, Yaponiyaning Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy etgani va mintaqada harbiy-siyosiy bloklar shakllanishi Moskvada xavotir uyg‘otayotganini aytgan.

Rossiya va Yaponiya o‘rtasidagi asosiy bahsli masalalardan biri — Kuril orollari bo‘yicha hududiy nizo. Bu masala ikki davlat o‘rtasida tinchlik shartnomasi tuzilishiga haligacha to‘sqinlik qilib kelmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!