Yangi qonun jamiyatda qonun ustuvorligini va ijtimoiy adolatni ta’minlaydi

Yangi qonun jamiyatda qonun ustuvorligini va ijtimoiy adolatni ta’minlaydi

O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi “Sudlar to‘g‘risida”gi qonuni (O‘RQ-703-son, 28.07.2021 y. Prezident tomonidan imzolandi.) sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini, odil sudlovning sudyalar tomonidan faqat qonunga bo‘ysungan holda amalga oshirilishini, sud majlislarining oshkora va shaffof o‘tkazilishini ta’minlash, fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini, tadbirkorlik sub’ektlarining qonuniy manfaatlarini sud yo‘li bilan keng himoya qilish va shu orqali shaxslarning odil sudlovga erishish darajasini oshirishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.

Dastlab “Sudlar to‘g‘risida”gi yangi qonunning eski tahrirdagi qonundan asosiy farqlari va o‘ziga xos xususiyatlari haqida qisqacha to‘xtalib o‘tsak.

Qonunga ko‘ra, O‘zbekistonda sud ishlarini yuritish o‘zbek tilida, qoraqalpoq tilida yoki muayyan joydagi ko‘pchilik aholi so‘zlashadigan tilda olib boriladi.

Odil sudlovni amalga oshirishda har bir kishiga malakali yuridik yordam olish huquqi kafolatlanadi. Hech kim sud qaroriga asoslanmagan holda qamoqqa olinishi mumkin emas.

Shuningdek, barcha sudlarda ishlar ochiq ko‘riladi. Ishlarni yopiq sud majlisida ko‘rib chiqishga faqat qonunda belgilangan hollarda yo‘l qo‘yiladi.

Sud majlisi zalida hozir bo‘lgan shaxslar, ommaviy axborot vositalari vakillari sud majlisi zalida qonunda belgilangan tartibda fotosuratga olishi, video va audio yozuvni amalga oshirishi mumkin.

Shu bilan birga, Oliy sud quyi sudlarning sudlov faoliyati ustidan nazorat olib borish huquqiga ega.

35 yoshdan kichik bo‘lmagan, fuqarolarning yashash yoki ish joyidagi yig‘ilishida ochiq ovoz berish yo‘li bilan ikki yarim yil muddatga saylangan O‘zbekiston fuqarosi xalq maslahatchisi bo‘lishi mumkinligi belgilandi.

Sudya birinchi marta 5 yillik muddatga, navbatdagi 10 yillik muddatga va lavozimda bo‘lishning muddatsiz davriga belgilangan tartibda saylanadi yoki tayinlanadi.

Oliy sud sudyasi lavozimida bo‘lishning eng yuqori yoshi 70 yoshni, boshqa sudlar sudyalari uchun – 65 yoshni tashkil etadi.

Uy-joyga muhtoj bo‘lgan sudya mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan Vazirlar Mahkamasi belgilagan tartibda sud joylashgan yerda xizmat turar joyi bilan ta’minlanadi.

Sudya unga doimiy yashash uchun belgilangan tartibda turar joy berilgunga qadar turar joy arendasi, ijarasi (ikkilamchi ijarasi) bilan bog‘liq xarajatlari kompensasiya qilinishi huquqiga ega.

Bundan tashqari vakolat muddati tugagan sudyalarning ijtimoiy himoyalash tartibi ham belgilangan bo‘lib, vakolatlari muddati tugagan sudyalarning o‘rtacha oylik ish haqi ularni yangi vakolatlar muddatiga qayta saylash yoki qayta tayinlash to‘g‘risidagi masala hal qilinayotgan davrda yoxud boshqa ish berilgunga qadar, lekin ko‘pi bilan uch oygacha saqlab qolinishi, sudyalarga ularning vakolatlari muddati tugaganidan keyin ular sudyalik lavozimiga saylanishga yoki tayinlanishga qadar egallab turgan avvalgi ishi (lavozimi) beriladi, bunday ish (lavozim) mavjud bo‘lmaganda esa avvalgisiga teng boshqa ish (lavozim) berilishi belgilandi.

Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash kerakki, sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakatimizda qonun ustuvorligini va ijtimoiy adolatni, fuqarolar tinchligi va totuvligini ta’minlashga qaratilgani bilan alohida aha­miyat kasb etadi.

Sardor Suvanov,

Guliston tumanlaro ma’muriy sudi sudyasi,

Sobir Rustamov,

Sirdaryo viloyat mamuriy sudi sudyasi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!