Yana bir yurtdoshimiz Yaponiya ordeni bilan taqdirlandi
O‘zbekistonning Tokiodagi sobiq muvaqqat ishlar vakili Alisher Oxunjonov Yaponiyaning «Chiqayotgan quyosh, rozetkali oltin va kumush nurlar» (The Order of the Rising Sun, Gold and Silver Rays with Rosette) ordeni bilan taqdirlandi.
Mukofot Toshkent shahrida Yaponiyaning favqulodda va muxtor elchisi Kenji Hirata tomonidan topshirilgan.
Ushbu mukofot Alisher Oxunjonovning Yaponiya va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash hamda do‘stona aloqalarni rivojlantirishga qo‘shgan ko‘p yillik hissasini e’tirof etish maqsadida berilgan.
Yaponiya elchixonasi xabar berishicha, Alisher Oxunjonov O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi ochilishiga salmoqli hissa qo‘shgan va O‘zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi ilk muvaqqat vakili sifatida ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashgan.
Bundan tashqari, u O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Osiyo-Tinch okeani mintaqasi mamlakatlari bilan hamkorlik boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab, Toshkent shahridagi yapon harbiy asirlari qabristonini obodonlashtirishga katta hissa qo‘shgan.
So‘nggi yillarda bir qator yurtdoshlarimiz Yaponiyaning nufuzli mukofotiga sazovor bo‘ldi.
2024 yilda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi, Xalq rassomi Akmal Nurga (Nuriddinov) Yaponiya imperatorining «Chiqayotgan quyosh ordeni, Oltin nurli bo‘yin tasmasi» (Order of the Rising Sun, Gold Rays with Neck Ribbon) mukofoti topshirilgandi.
2023 yilda O‘zbekiston Prezidentining tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili Abdulaziz Komilov «Chiqayotgan quyosh katta kordon» ordeni bilan taqdirlangan.
2022 yilda O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyevga «Chiqayotgan quyosh katta kordon» ordeni topshirilgan.
