Yana bir sobiq bosh vazir hibsga olindi

Yana bir sobiq bosh vazir hibsga olindi

Qirg‘izistonning 19-bosh vaziri Jo‘mart Otorboyev hibsga olindi. Bu haqda Tengrinews xabar berdi.

Otorboyev bosh vazir lavozimida Almazbek Atambayev prezidentligi davrida 2014 yil 25 martdan 2015 yil 23 apreliga qadar ishlagan. Uning hibsga olinishi Qumtor oltin konini qazish loyihasini amalga oshirishning turli bosqichlarida yo‘l qo‘yilgan korrupsiya ishini tergov qilish bilan bog‘liq. Otorboyev hukumat rahbari bo‘lgan paytda chet el kompaniyasi manfaatlariga xizmat qiluvchi ko‘rsatmalar bergan, deya ma’lum qildi Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Tengrinews’ga.

«Tergov shuni ko‘rsatdiki, Jo‘mart Otorboyev bosh vazir sifatida Qirg‘iziston Respublikasi hukumati huzuridagi Atrof-muhitni muhofaza qilish va o‘rmon xo‘jaligi davlat agentligining Qumtor koni bosh rejasining atrof-muhitga ta’sirini baholash bo‘yicha komissiyasiga bosim o‘tkazgan. Qirg‘iziston Respublikasining Suv kodeksi va «Suv ​​to‘g‘risida» qonuni talablarini buzgan holda, «Qumtor Gold Kompani» xorijiy kompaniyasi manfaatlarini ko‘zlab buyruq qabul qilish bilan Lisiy va Davidov muzliklarining yo‘q qilinishi davom etishiga rozilik bildirgan» — deyiladi xabarda.

Hozirda Otorboyev Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining vaqtinchalik hibsxonasiga joylashtirilgan. Sobiq bosh vazir bilan tergov harakatlari davom ettiriladi, uning natijalariga ko‘ra, yaqin 48 soat ichida Bishkekning Pervomayskiy tuman sudi qanday ehtiyot chorasini tanlash masalasini ko‘rib chiqadi.

«Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Qumtor ishi bo‘yicha tergov natijalari, shu jumladan, Otorboyevga tegishli ish to‘g‘risida jamoatchilikni qo‘shimcha ravishda xabardor qiladi», — deya xulosa qiladi qo‘mita.

Bundan avval Qirg‘iziston sobiq bosh vazirlari Temir Sariyev va Omurbek Babanov Qumtor ishi bo‘yicha hibsga olingandi. Shuningfdek, Qirg‘izistonning birinchi va ikkinchi prezidentlari Asqar Akayev va Qurmanbek Bakiyevlar iyul oyi boshlarida Qumtor ishi bo‘yicha xalqaro qidiruvga berilgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!