Xotin-qizlar maslahat guruhlari (XMG)ning samarali faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha trening o‘tkaziladi

Xotin-qizlar maslahat guruhlari (XMG)ning samarali faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha trening o‘tkaziladi

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi (DXA) va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi (BMTTD)ning Yevropa Ittifoqi (EI) tomonidan moliyalashtirilayotgan “O‘zbekistonning qishloq hududlarida davlat xizmatlarini taqdim etishni takomillashtirish va mahalliy boshqaruv darajasini oshirish” qo‘shma loyihasi doirasidagi Xotin-qizlar maslahat guruhlari (XMG)ning samarali faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha trening o‘tkaziladi.

Trening o‘tkaziladigan manzillar va sanalar:

1. 2021 yil 27-29 oktyabr, Guliston shahri;

2. 2021 yil 1-3 noyabr, Termez shahri; va

3. 2021 4-6 noyabr, Toshkent shahri.

Mazkur seminar-treningning maqsad va vazifalari:

1) XMGning DXA va xotin-qizlar, yoshlar va bolalar, keksalar, imkoniyati cheklanganlar va nogironligi bor aholining zaif qatlamlariga davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlar, mahalliy hokimiyat, mahalla va oila, ijtimoiy xizmat ko‘rsatish bo‘limlari bilan yaqin hamkorligini ta’minlash;

2) Mahalliy OAV imkoniyatlaridan foydalangan holda ijtimoiy himoyaga muhtoj guruhlar uchun samarali kommunikasion strategiyalarni yaratishga ko‘maklashish;

3) Taklif etilgan tashkilotlar vakillarini muammoli vaziyatlarda ishlashga tayyorlash.

Aytib o‘tish kerakki, BMTTDning O‘zbekistondagi vakolatxonasi Latviya Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Toshkentdagi elchixonasi bilan O‘zbekistondagi nodavlat notijorat tashkilotlari salohiyatini oshirish, qishloqlarda aholining zaif qatlamlari, xotin-qizlarga davlat xizmatlari ko‘rsatishni takomillashtirish maqsadida 7 tumanda tajriba tariqasida DXA markazlarida XMG tuzish va shu orqali davlat xizmatlari ko‘rsatish sifatini yaxshilashga hissa qo‘shish yo‘nalishida hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. Ushbu hamkorlikning ilk natijasi sifatida BMTTD loyihasi Latviyaning «MARTA» markazi NNT bilan qo‘shma tadbirlar rejasini ishlab chiqdi.

Bu safargi seminar-treninglar ushbu reja doirasidagi 3-tadbirdir. Bundan oldin sentyabr oyida MARTA markazi vakillari Toshkentda 3 kunlik boshlang‘ich trening tashkil etishgan va saralab olingan seminar qatnashchilari oktyabr oyi boshida Latviya Respublikasida bo‘lib, ushbu sohadagi tajribalarni o‘rganib qaytishgan edi.

Bo‘lajak treningda ijtimoiy himoyaga muhtoj guruhlar bilan ishlash strategiyasi, mahalliy targ‘ibot strategiyasini shakllantirish, «MARTA» markazi tajribasini qo‘llash, guruhlar bilan ishlashda ko‘p tomonlama yondashuv masalalari ko‘rib chiqiladi.

Treningning ikkinchi ish kunida “O‘zimizni uning o‘rniga qo‘yamiz” mashqi, mazkur mashq tahlili, intervyu o‘tkazish texnikalari muhokamasi, muammoli vaziyatlarda ishlash, mavzular muhokamasi kabi masalalar o‘rin olgan.

Treningning uchinchi ish kuni kun tartibida muammoli vaziyatlarda OAVni jalb qilish, mahalliy sharoitga moslashtirilgan kommunikasion strategiyani ishlab chiqish tadbirlari bor.

Ma’lumot uchun: O‘zbekistonga ushbu treningda qatnashish uchun Latviyaning «MARTA» markazidan Ilyuta Lase xonim, Dita Lase xonim, Gundega Tentere xonim, Irina Mazurika xonim tashrif buyurgan.

Treningda 8 ta pilot tumandan 60 dan ortiq qatnashchi ishtirok etadi.

«MARTA» vakillari Jizzax, Sirdaryo, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida bo‘lib, DXMlar va ular qoshidagi XMG faoliyati bilan tanishadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!