Xorijlik blogerning O‘zbekiston haqidagi videosi 4 soatda 60 ming kishida qiziqish uyg‘otdi

A A A
Xorijlik blogerning O‘zbekiston haqidagi videosi 4 soatda 60 ming kishida qiziqish uyg‘otdi
9 dekabr kuni mashhur sayohatchi va bloger, dunyo taomlari shinavandasi Sonny Side o‘zining Youtubedagi sahifasida O‘zbekistonning tog‘li hududlarida pishiriladigan taomlar haqidagi videoni joylashtirdi. Ushbu blogerning sayohati O‘zbekiston respublikasi turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi ko‘magida amalga oshirilgan bo‘lib, sayyohga qo‘mita vakili Bexruz Xamzayev hamroxlik qilgan.
 
O‘zbekistonning tog‘li hududlarida pishiriladigan taomlar haqidagi bu video ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otdi va bir kunda uni 90 mingdan ortiq kishi ko‘rib, 800 ga yaqin xorijliklar izoh qoldirdi.
 
Jumladan, Yujiro ismli foydalanuvchi, bu mamlakatni o‘zi sayohat qilishi zarur bo‘lgan joylar ro‘yxatiga kiritganini va albatta, O‘zbekistonga kelish istagi uyg‘onganini bildirgan. Casually taxallusi bilan kirgan foydalanuvchi esa, O‘zbekiston haqida avval eshitmagani va bu tasvirlar orqali yurt vakillari juda mehmondo‘st ekaniga guvoh bo‘lganini yozgan. “Videoda ajoyib taomlar va takrorlanmas madaniyatga ega O‘zbekistonning qirralarini ochib berilgani juda yaxshi bo‘libdi”, deydi Lord Antony. Yana bir muxlis esa “bu videoni ko‘rib oilamni albatta yangi yilda O‘zbekistonga borishga ko‘ndirishga tushdim” deb fikr qoldirgan. Bu kabi iliq munosabat video ostidagi izohlarda anchagina. Dunyo bo‘ylab 1 yarim millionga yaqin potensial sayyohlar o‘qiydigan ushbu sahifada O‘zbekiston haqida ma’lumotlar chiqishi albatta samara berishi aniq.
 
Ushbu videoda asosan go‘shtli taomlar bo‘lgani ayrim kishilarda biroz munozarali fikrlarni ham uyg‘otgan. Balki, kelgusi safar giyohlar-u bahor ko‘katlaridan somsalar, xonimlar-u ko‘k chuchvaralarni tatib ko‘rishga, sumalak mavsumiga, yoki qovoq ayni pishgan vaqtda qovoq manti-yu pechakxo‘rlikka ham ayni shu ijodkorni yana taklif qilish kerakdir. Chunki, xorijda tobora vegetarianlar soni ortib boryapti va kelgusida ular ham O‘zbekistonga keladigan bo‘lishsa “och qolmaslik”larini bilishlari foydadan holi bo‘lmaydi.
 
Umuman olganda loyihada ishtirok etgan mehmondorning samimiyligi ham videoni muvaffaqiyatli chiqishiga turtki bergan, ayni shunday samimiy, dunyoqarashi keng gidlar sonini ko‘paytirish va faqat rivoyatlar-u,kitoblardan yodlab olingan quruq tarix emas, kundalik hayot, hamma uchun qiziq mavzularda so‘zlay oladigan, hazil mutoyibaga usta va oddiy oilalarga kirib bora oladigan professional gidlar sonini oshirish kerak. Chunki, sayyohlar sonining ko‘payishi albatta mahoratli gid-tarjimonlarga bo‘lgan ehtiyojni ham oshiradi.
 
Manba: uza.uz

Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!