Xorazmdagi tergov hibsxonasida mahbuslarga iste’molga yaroqsiz suv berilganmi?

A A A
Xorazmdagi tergov hibsxonasida mahbuslarga iste’molga yaroqsiz suv berilganmi?

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanining) Xorazm viloyatidagi mintaqaviy vakili Odilbek Ollayorovga Urganch shahridagi 11-son tergov hibsxonasidagi mahbuslardan murojaat kelib tushgan edi. Murojaatda mahbuslarga berilayotgan ichimlik suvining iste’molga yaroqsizligi aytilgan.

2022 yilning 12 may kuni mintaqaviy vakil darhol viloyat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshqarmasi mas’ul xodimi bilan birgalikda murojaatni joyiga chiqib o‘rgandi.

Aniqlanishicha, 11-son tergov hibsxonasi kameralarida soat 22:00 dan ertalabki 6:00ga qadar elektr energiyasidan foydalanish ta’qiqlangan. Mana shu paytlarda muassasada saqlanayotgan mahbuslarning suv ichishga ehtiyoji bo‘lganda qaynatilmagan suv ichishga majbur bo‘lgan.

O‘rganish jarayonida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshqarmasi mas’ul xodimi tomonidan suvning sifati tekshirilib, mahbuslarga suvni faqat qaynatilgan holatda iste’mol qilinishi tavsiya etildi.

Monitoring jarayonida har bir kamerada suvni qaynatish jihozlari mavjud ekanligi aniqlandi va mahbuslarga soat 22.00 ga qadar kerakli miqdorda qaynatilgan suvni zaxiralashlari kerakligi tushuntirildi.

Monitoring doirasida tergov hibsxonasida saqlanayotgan shaxslarga yaratilgan sharoitlar bo‘yicha mahbuslarning fikrlari ham o‘rganildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!