Xorazmdagi "sumalak mojarosi" ortidan: tungi klublarni butunlay yopish kerak

Xorazmdagi "sumalak mojarosi" ortidan: tungi klublarni butunlay yopish kerak

Ma’naviyat masalasi shunday masala ekanki, undan bir lahzaga chalg‘isang atrofingni bexayrlik darrov egallab oladi. Xalqimizning qadrdon va muqaddas bayrami Navro‘z arafasida salomatligimni mustahkamlash va davolanish uchun qo‘shni va qardosh Respublikaga chiqishim natijasida yurtimizdagi voqea-hodisalardan ikki kunga bexabar qolib ketdim. Buni qarangki, shu kunlar davomida nafaqat meni, balki butun xalqimizni cheksiz nafratiga sababchi bo‘lgan "Saxara" voqeasi sodir bo‘lib, bir guruh nomussiz hamyurtlarimiz ulug‘ ayyomimizni oyoqosti qilgancha, xalqimiz yuzini shuvit qilibdilar.  

Xalqimizda bir ajoyib naql bor - kasalni yashirsang isitmasi oshkor qiladi. Joriy yil boshida bir nechta mutasaddi tashkilotlarga viloyatimizdagi ayrim tungi klublarda sodir bo‘layotgan behayolik, ommaviy madaniyat hamda ularga voyaga yetmagan yoshlarning tobora ko‘proq tortilayotgani xususida murojaat qilgandik. Ayniqsa, "GORGONA" (nomining o‘ziyoq daxshatli), "Saxara" singari tungi klublardagi qizlarning o‘ta axloqsiz xizmat ko‘rsatishlari, xatto derazadan ko‘chaga qaragancha yarim-yalang‘och raqs tushib mehmonlarni chaqirishi  haqida, ma’lumot kelib tushdi. Buni o‘rgandik va ishonch hosil qildik. Bu borada chora ko‘rish lozimligi xususida fikrimizni bildirdik. Biroq mutasaddilar tomonidan tepadan buyruq kelmaguncha bunga jiddiy chora-ko‘rib bo‘lmasligi javobi berildi. Afsuski, ko‘rib turganimizdek, kecha o‘zlarining qorong‘u va yopiq eshiklari ortida faxshi va ayshini surayotganlar asta deraza oldiga kelishga, bugun esa ko‘chaga chiqishga imkon topibdi. Bu ham yetmagandek, xalqimizning minglab yillar davomida ehtiromi va muhabbati ila kutiladigan, nishonlaniladigan Navro‘z ayyomi, muqaddas sumalakiga jirkanch qo‘llarini tekkizishga jur’at qilibdilar.  Demak, ular ertaga badanfurushligini bozorga, ko‘z yumaversak masjidga ham olib kirmaydimi? E’tiqodimiz va qadriyatlarimizni oyoq osti qilishlariga o‘zimiz yo‘l qo‘ymayapmizmi?!

Hurmatli mutasaddi tashkilotlar! Bir yoqadan bosh chiqargan holda, Sizdan bunday illatlarni gazak olmasdan, ildizi bilan sug‘urib tashlashingizni, tungi klublarning faoliyatini butunlay tugatishni so‘rab qolamiz.

Bekzod Aburimov
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Xorazm viloyati bo‘limi rahbari


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!