Xorazmda mast ota o‘z o‘g‘lini o‘ldirib qo‘ydi

Xorazmda mast ota o‘z o‘g‘lini o‘ldirib qo‘ydi

Bog‘ot tumanida ota mast holatda o‘z o‘g‘lini pichoqlab o‘ldirdi. Bu haqda Bog‘ot tumani hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 60 yoshli Azamat Ibrohimov (ism- familiyalari o‘zgartirilgan) muqaddam sodir qilgan jinoyatlari uchun bir necha bor sudning qora kursisiga o‘tirib, jazolangan bo‘lsa-da, bundan o‘ziga tegishli xulosalarni chiqarib olmasdan yana jinoyat sodir etdi.

Avvaliga muqaddam sodir qilgan jinoiy qilmishlari uchun jazosini o‘tab kelib, oilasi bilan tinch-osuda hayot kechirardi. Biroq, keyinchalik spirtli ichkilik ichishga ruju qo‘ydi.

Ichib, tinchgina o‘tirsa ham mayli, to‘polon qilib hammani bezor qilishni odat qildi. Kundalik janjallardan bezigan kichik o‘g‘il alohida uyga chiqib ketdi.

Bebosh otaning xarxashasini ko‘tarish katta o‘g‘ilga qoldi. Katta o‘g‘il ham otasi ichgan kunlari boshqa qarindoshlarinikida tunardi.

Fojia yuz bergan kuni, ya’ni 2021 yil 8 may kuni ham Urganch shahrida ishlari bilan yurgan kichik o‘g‘ilga akasi qo‘ng‘iroq qilib, otasi yana ichib olib, xurmacha qiliqlarini boshlaganligini, mahalla fuqarolar yig‘ini raisi bilan ham tinchlantira olishma olmayotganliklarini aytib noligan va shu sababli o‘zi ham kelib, otasini uyiga kiritib tinchlantirishda yordam so‘ragan.

Kun botar payt do‘stining mashinasida uyiga kelgan kichik o‘g‘il va aka bir amallab mast-alast otasini uyiga kirgizib, yotqizishdi va yengil tin olgan aka ukasiga otasi uxlab qolganiga ishonch hosil qilganidan keyin birgalikda dam olishini aytib, o‘zi bilan kelgan do‘stining mashinasida kutib turishini aytadi va otasi uxlab yotgan uyning eshigini yopib qo‘yish uchun uyi tomonga buriladi.

Biroq, ichkilik ta’sirida aqli xiralashgan ota o‘g‘illarining o‘zini tinchlantirish uchun qilgan harakatlarini haqorat kabi qabul qilib, haligacha tinchlanmagan edi va turli bema’ni xayollar ta’sirida oshxonaga kirib qo‘liga pichoq oladi.

Tashqarida esa «otam tinchlandi» deb o‘ylab endigina ketmoqchi bo‘lib turgan katta o‘g‘il, nogahon ko‘ksiga sanchilgan pichoq hamda otasining «Senga shu kerakmidi, o‘lsang o‘lib ket...» degan hayqirig‘idan karaxt holatga tushib, ko‘ksini changallab qoldi.

Etkazilgan jarohat shu darajada og‘ir ediki, uning zudlik bilan tuman Tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgani ham, tezkor muolajalar olib borilgani ham saqlab qola olmadi, yosh va navqiron yigitning hayotiga nuqta qo‘ydi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Bog‘ot tuman sudi Azamat Ibrohimovga 10 yilga ozodlikdan mahrum etish jazosini tayinladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!