Xorazmda hokimning ukasi g‘olib bo‘lgan tender qonuniy deb topildi

Xorazmda hokimning ukasi g‘olib bo‘lgan tender qonuniy deb topildi

Ijtimoiy tarmoqlardagi Xorazm viloyatida qurilish ob’ektlari bo‘yicha tenderda viloyat hokimi o‘rinbosarining ukasi rahbarlik qilayotgan qurilish tashkiloti g‘olib bo‘lganligi haqidagi tanqidiy maqolalar yuzasidan

Xorazm viloyati prokuraturasi tomonidan 11.02.2021 yilda viloyat prokuraturasi tomonidan “Xorazm invest xolding” MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan JKning 167-moddasi 2-qismi “a, v” bandi va boshqa moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilgan.
Tergov davomida, “Urganch shahridagi perinatal markazini rekonstruksiya qilish” bo‘yicha 20 mlrd. so‘mlik davlat buyurtmasi yuzasidan o‘tkazilgan tenderda Xorazm viloyati hokimining kapital qurilish kommunikasiyalar, kommunal xo‘jalik va obodonlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari B.Qurbanov raislik qilganligi va tender natijasi bo‘yicha uning ukasi U.Qurbanovga tegishli bo‘lgan “Bunyodkor” MCHJ g‘olib bo‘lganligi holati tegishli mutaxassislar ishtirokida o‘rganilgan.
Aniqlanishicha, viloyat hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasining byurtmasi asosida Qurilish vazirligining “Xorazm viloyat qurilishda tanlov savdolarini tashkil etish hududiy konsalting Markazi” tomonidan o‘tkazilgan, boshlang‘ich narxi
20.380,6 mln. so‘m bo‘lgan “Xorazm viloyati Urganch shahridagi perinatal markazini rekonstruksiya qilish” ob’ekti bo‘yicha “Bunyodkor” MCHJ, “Urganch qurilish beton” MCHJ va “Irdimzon qurilish” xususiy korxonasi tomonidan ofertalar taqdim qilingan va 23.06.2020 yildagi tender g‘olibini aniqlash natijalariga ko‘ra, “Bunyodkor” MCHJ 20.180,6 mln. so‘m taklif qilgan holda 100 ball to‘plab, tender g‘olibi bo‘lgan.
Shuningdek, ushbu tender jarayonida komissiya raisi B.Qurbanov xizmat safarida bo‘lganligi sababli ishtirok qilmaganligi hamda “Bunyodkor” MCHJ nomidan jamiyat vakili B.Saidov ishonchnoma asosida qatnashganligi aniqlangan.
Bundan tashqari, tender hujjatlari Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi viloyat hududiy boshqarmasi mutaxassislari tomonidan o‘rganilib, tender qonuniy o‘tkazilganligi, tender xujjatlarini baholash to‘g‘ri amalga oshirilganligi, shu sababli tender savdosini noqonuniy o‘tkazilgan deb hisoblash mumkin emasligi haqida xulosa taqdim qilingan.
Qayd qilinganlarga ko‘ra, “Bunyodkor” MCHJning “Urganch shahridagi perinatal markazini rekonstruksiya qilish” bo‘yicha o‘tkazilgan tender savdolari g‘olibi bo‘lganligi holatida biron-bir shaxsning harakatlarida jinoyat alomatlari aniqlanmaganligi sababli, jinoyat ishining viloyat hokimi o‘rinbosari B.Qurbonov va “Bunyodkor” MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan bo‘lgan bir qismi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat prosessual kodeksining 83-moddasi 2-bandiga asosan tugatilgan.
Shuningdek, tender natijalari bo‘yicha hujjatlarni rasmiylashtirishda yo‘l qo‘yilgan qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish yuzasidan viloyat hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi hamda “Xorazm viloyat qurilishda tanlov savdolarini tashkil etish hududiy konsalting Markazi”ga taqdimnomalar kiritilgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!