Xorazmda erkakning ko‘ksiga pichoq urishdi. Aybdor ukami yoki aka-ukalar?

Xorazmda erkakning ko‘ksiga pichoq urishdi. Aybdor ukami yoki aka-ukalar?

Xorazm viloyati prokuraturasi fuqaro B.Yo‘ldoshevning “Youtube” internet tarmog‘ida chiqqan videomurojaati yuzasidan rasmiy bayonot berdi.

"Voyaga yetmagan B.Yo‘ldoshev 29.12.2020 yil soat 00-30 larda tuman tibbiyot birlashmasiga "Tez yordam" orqali chap tomon ko‘krak qafasida sanchib kesilgan, ya’ni hayoti uchun xavfli bo‘lgan og‘ir tan jarohati bilan behush holatda olib borilgan. Video murojaatda qayd etilgan fuqaro A.Polvonovning uyidan hodisa joyida ishlatilgan qonga o‘xshash dog‘lari bo‘lgan bir dona oshxona pichog‘i ashyoviy dalil sifatida olingan, biroq pichoq yuvilgani sababli, barmoq izi olish imkoni bo‘lmagan. 

To‘plangan hujjatlarga asosan shu kunning o‘zida Qo‘shko‘pir tumani bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan voyaga yetmagan A.Polvonovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

A.Polvonov B.Yo‘ldoshev bilan dastlab telefon orqali janjallashgani, soat 2100 larda uchrashib undan kaltak yeganligi sababli o‘zaro soat 23-00 da ko‘chaning oxirida yakkama-yakka tarzda uchrashib olishga kelishib, kuchi yetmasligini bilib uni qo‘rqitish maqsadida yonida pichoq olib chiqqani va janjal vaqtida uning chap tomon ko‘krak qafasiga bir marta sanchib olganini, bu vaqtda akasi SH.Polvonov bu joyda bo‘lmaganini ko‘rsatgan.

Jabrlanuvchi voyaga yetmagan B.Yo‘ldoshev voqea bo‘lgan kuni soat 23-00 da A.Polvonov bilan uchrashgan vaqtda sal nariroqda SH.Polvonovni ham ko‘rgani, aka-ukalar uni do‘pposlagani va ulardan biri pichoq bilan chap tomon ko‘krak qafasiga tan jarohati yetkazganini bildirgan.

SH.Polvonov 23-00 larda unashtirilgan qizi bilan uchrashib qaytayotganida ukasi A.Polvonovning yugurib kelayoganligini ko‘rgani va u B.Yo‘ldoshevni ko‘ksiga pichoq sanchib olganligini eshitib, tez yordamga va uning qarindoshlariga xabar qilganligini bildirgan.

Video murojaatda B.Yo‘ldoshev tergovga chaqirishmaganini ko‘rsatgan.

Lekin, dastlabki tergov davomida ko‘rsatmalarda yuzaga kelgan qarama-qarshiliklarni bartaraf etish maqsadida yuzlashtirish va boshqa tergov harakatlari o‘tkazish uchun jabrlanuvchi B.Yo‘ldoshev telefon orqali tergovga kelish haqida chaqirilganida, bormasligini bildirgan. 

Bundan tashqari, B.Yo‘ldoshevning tergovga yetib kelishi haqida 2 marotaba onasi va amakisiga chaqiruv xati berilgan bo‘lsada, sog‘lig‘i yaxshi emasligi sababli tergovga yetib kelmasligini bildirishgan hamda bu haqda B.Yo‘ldoshevning qonuniy vakili onasi S.Rahmonova o‘g‘lining keyingi tergov jarayonlarida qatnashmasligini bildirib ariza bilan murojaat qilgan. 

B.Yo‘ldoshevga bir marotaba pichoq urilgani uchun bu harakat bir nafar shaxs, ya’ni A.Polvonov tomonidan sodir etilgan deb asosli xulosaga kelingan. Shu bois, SH.Polvonov jinoyat ishi bo‘yicha ayblanmagan. 

Jinoyat ishi ayblov xulosasi bilan 2021 yil 13 fevral kuni jinoyat ishlari bo‘yicha sudga oshirilgan. Hozirda jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘shko‘pir tuman sudida sud tergovi boshlanish arafasida.

B.Yo‘ldoshevning IIB tergovchisi S.Atabayev haqorat qilgani va boshqa ko‘rsatgan holatlari yuzasidan Qo‘shko‘pir tuman prokuraturasi tomonidan xizmat tekshiruv tayinlanib, tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. 

O‘rganish natijalari bo‘yicha qo‘shimcha xabar beriladi".


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!